“ArMI—2019”: Oʻzbekiston “Tank biatloni” jamoasi gʻalabaga erishdi!

10:57 16 Avgust 2019 Jamiyat
68 0

Kecha Moskva viloyatida joylashgan Alabino dala-oʻquv maydonida Xalqaro armiya oʻyinlarining “Tank biatloni” yoʻnalishi boʻyicha II divizionning final bahslari oʻz nihoyasiga yetdi. Unda ishtirok etgan vakillarimiz eng yaxshi natijani qayd etib, gʻalabaga erishdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Qizgʻin va shiddatli bahslarga boy boʻlgan chorak final bahslarida ham yurtimiz sharafini himoya qilayotgan harbiy xizmatchilar barcha toʻsiqlardan muvaffaqiyatli oʻtib, eng yaxshi natijani koʻrsatgan edi.

Kechagi bahsda jamoalarning har uchala ekipaj aʼzolari katta maydonga tushib, estafeta shartini bajarishdi. Ushbu shart davomida ular toʻsiqlardan talafotsiz oʻtish, belgilangan nishonlarni yoʻq qilish va imkon qadar qisqa vaqt ichida finish chizigʻini bosib oʻtishi kerak edi. Yurtdoshlarimiz T-72 B-3 tankini mahorat bilan boshqarib, barcha ishtirokchi jamoalar ichida eng yaxshi natijani qayd etishdi. Vakillarimiz jami 2 soat 7 daqiqayu 22 soniyada marraga birinchi boʻlib yetib keldi. Bu vaqt ichida 13 ta nishon yakson qilindi.

Hamyurtlarimiz finalda Uganda, Kuba va Vyetnam jamoalari bilan kurashdi.

“Tank biatloni” musobaqasi ikki guruhda oʻtkazilayotgan boʻlib, vakillarimiz unda ikkinchi guruhdagi jamoalar bilan bahsga kirishgan. Bunda har bir guruhdan alohida gʻolib va sovrindorlar nomi aniqlanadi.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston jamoasi keyingi yilda “Tank biatloni” musobaqasining birinchi divizionida qatnashish uchun yoʻllanmani qoʻlga kirita oldi.

“Tank biatloni” musobaqasining birinchi divizioni final bahsi 17-avgust kuni boʻlib oʻtadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?