ArMI – 2019. “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari” tantanali ravishda kutib olindi

15:21 20 Avgust 2019 Jamiyat
76 0

Kecha Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida “ArMI – 2019” musobaqalarining Hindistonda oʻtkazilgan “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari” bahsida ishonchli harakat qilgan harbiylarimizni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Ularning yaqin qarindoshlari, quroldosh doʻstlari, faxriylar va Mudofaa vazirligi masʼullari qatnashgan ushbu marosimda harbiy orkestrlar ijrosi hamda karnay-surnay sadolari qahramonlarimizga koʻtarinki kayfiyat ulashib, davraga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

Tashkilotchilar gʻoliblarni qutlarkan, ularning milliy armiyamiz qudratiga-qudrat, obroʻsiga-obroʻ qoʻshganligini takror taʼkidlab, gʻalabaga boʻlgan imshonchli harakatlarini faxr bilan eʼtirof etishdi.

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida uyushtirilgan uchrashuvda esa gʻalabaning dunyo miqyosidagi ijtimoiy-siyosiy ahamiyati, Vatan ravnaqi yoʻlida milliy armiyamizning ajralmas oʻrni, erishilayotgan yutuqlar xususida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Marosimga davomiy ravishda poytaxtimizdagi harbiy qismlarning birida “ArMI – 2019” doirasida “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari” musobaqasida ishtirok etgan, Vatan shaʼnini himoya qilgan mard oʻgʻlonlar jasorati qizgʻin eʼtirof etilib, munosib taqdirlandi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu musobaqada hamyurtlarimiz faxrli ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi (oʻtgan yili 3-oʻrin.). Rossiya Federatsiyasi uchinchi boʻlsa, hindstonliklar birinchi oʻringa munosib deb topildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?