ArMI – 2019. Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi “Tank biatloni” jamoasi finalda!

09:49 14 Avgust 2019 Jamiyat
135 0

Rossiyaning Moskva viloyatida joylashgan Alabino dala-oʻquv maydonida Xalqaro armiya oʻyinlarining “Tank biatloni” yoʻnalishi boʻyicha yarim final bahslari oʻz nihoyasiga yetdi. Unda ishtirok etgan vakillarimiz eng yaxshi natijani qayd etib, finalga yoʻl oldi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.

Qizgʻin va shiddatli bahslarga boy boʻlgan chorak final bahslarida ham yurtimiz sharafini himoya qilayotgan harbiy xizmatchilar barcha toʻsiqlardan muvaffaqiyatli oʻtib, eng yaxshi natijani koʻrsatgan edi.

Bahslarda jamoalarning har uchala ekipaj aʼzolari katta maydonga tushib, estafeda shartini bajarishdi. Shart davomida ular toʻsiqlardan talofatsiz oʻtish, belgilangan nishonlarni yoʻq qilish va imkon qadar qisqa vaqt ichida finish chizigʻini bosib oʻtishi kerak edi. Yurtdoshlarimiz T-72 B-3 tankini mahorat bilan boshqarib, barcha ishtirokchi jamoalar ichida eng yaxshi natijani qayd etishdi. Vakillarimiz jami 2 soatu 37 soniyada marraga birinchi boʻlib yetib keldi. Bu vaqt ichida 10 ta nishon yakson qilindi.

Taqqoslash uchun aytish mumkinki, biz bilan finalda kuch sinashadigan Vyetnam jamoasi 2 soat 44 daqiqayu 28 soniya, Kuba 2 soat 44 daqiqayu 36 soniya, Uganda esa 3 soat 2 daqiqayu 39 soniya koʻrsatkich bilan finalga yoʻl olgan.

Endi yana bir muhim maʼlumotga eʼtiboringizni qaratmoqchimiz. Maʼlumki, “Tank biatloni” musobaqasi 2 guruhda oʻtkazilayotgan boʻlib, vakillarimiz unda ikkinchi guruhdagi jamoalar bilan bahsga kirishgan. Bunda har bir guruhdan alohida gʻolib va sovrindorlar nomi aniqlanadi. Yurtimiz sharafini himoya qilayotgan harbiy xizmatchilarimizning natijalarini birinchi guruhda ishtirok etib, finalga yoʻl olgan jamoalar koʻrsatkichiga taqqoslaydigan boʻlsak, vakillarimiz har ikkala guruhdan musobaqaning final bosqichiga yoʻl olgan davlat vakillari ichida 5-oʻrinni qayd etmoqda.

Har ikkala guruhning jami 25 ishtirokchi davlati jamoasiga taqqoslaganimizda esa, Oʻzbekiston umumiy 6-oʻrinda bormoqda. Bu hali yakuniy natija emas. Mohir tankchilarimiz ballar hisobida armiya oʻyinlari tashkil etilganidan beri mazkur yoʻnalishda ishtirok etib kelayotgan, Xitoy jamoasini ham ortda qoldirib ketishdi! Bu, albatta, mazkur musobaqada ilk bor qatnashayotgan jamoamiz uchun katta va faxrlanishga arzigulik natija.

Eslatib oʻtamiz, “Tank biatloni” musobaqasining final bahsi 15-avgust kuni boʻlib oʻtadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?