“ArMI – 2019” gʻoliblari munosib taqdirlandi

09:20 25 Avgust 2019 Jamiyat
105 0

24-avgust kuni poytaxtimizdagi Yoshlar markazida “ArMI – 2019” Xalqaro armiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.

Unda Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, harbiy okruglar qoʻmondonlari, davlat va jamoat tashkiloti vakillari hamda Oʻzbekiston nufuzini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilarning yaqinlari ishtirok etdi.

“Men barchalaringiz bilan faxrlanaman, sizlar bilan butun Oʻzbekiston faxrlanadi. Nufuzli xalqaro armiya oʻyinlarida munosib ishtirok etib, yurtimiz bayrogʻini yanada balandlarga koʻtarib, bizda oʻzgacha iftixor va gʻurur hissini uygʻotdinglar. Siz kabi jasur va mard oʻgʻlonlarimiz bor ekan, armiyamiz doim birinchi boʻlib qoladi”, dedi tadbir davomida soʻzga chiqqan mudofaa vaziri.

“Yoshlar markazida” da oʻtkazilgan bugungi tadbirda mudofaa vaziri bir guruh harbiy xizmatchilarni muddatidan oldin harbiy unvon va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirladi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 3-17-avgust kunlari 10 ta davlat hududida “ArMI – 2019” xalqaro armiya oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbir doirasida 39 ta davlatdan 32 ta nominatsiyada 222 ta jamoalar bellashdi. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligidan 14 ta jamoa ishtirok etdi.

“Tank biatloni” va “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovida qatnashgan jamoamiz sovrinli I oʻrinni, “Sodiq doʻst”, “Rembat”, “Elbrus xalqasi”, “Qoʻshinlar razvedkasi aʼlochilari” – II oʻrinni hamda “Xavfsiz marshrut”, “Musaffo osmon”, “Yoʻl patruli”, “Dala oshxonasi”, “Artilleriya olovi ustasi” – III oʻrinni egalladi.

2019-yilda jamoalarimiz 14 ta nominatsiyadan 11 tasida (80%) sovrinli oʻrinlarni egallaganligi, oʻtgan yilgi natijalarning soniga nisbatan qariyb 2 barobarga ortganini koʻrsatmoqda.

“ArMI – 2019” xalqaro armiya oʻyinlari bu yilgi natijalariga koʻra barcha ishtirok etgan davlatlar oʻrtasida Oʻzbekiston 5 – pogʻonani egalladi.

Shu bilan birga, Mudofaa vazirligi jamoalari tarkibida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilar “ArMI – 2019” xalqaro armiya oʻyinlarida munosib ishtirok etib, 10 dan ortiq yoʻnalishlarda rekord natijalarni qayd etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?