Armaniston parlament respublikasiga aylantirildi

16:11 09 Aprel 2018 Dunyo
543 0

Armanistonning yangi saylangan prezidenti Armen Sarkisyan dushanba kuni respublika Milliy majlisi(parlamenti) yig‘ilishida o‘z lavozimiga kirishdi.

U inauguratsiya marosimida odatga ko‘ra o‘z mamlakati konstitutsiyasi asl nusxasi va muqaddas kitobga qo‘lini qo‘yib, vakolatini amalga oshirishda Armaniston Respublikasi konstitutsiyasiga sodiq bo‘lishga, faqat umumdavlat va umumxalq manfaatlariga rioya etishga hamda o‘z kuch-g‘ayratini milliy birlikni mustahkamlashga safarbar etishga qasamyod qildi, “RIA Novosti” axborot agentligi xabarida.

Qayd etish joizki, Armanistonda davlat rahbari birinchi marta umumxalq ovoz berish yo‘li bilan emas, balki parlament deputatlarining ovoz berishi yo‘li bilan aniqlandi. Saylov 2 mart kuni bo‘lib o‘tgandi. 90 nafar deputat Sarkisyan nomzodini qo‘llab-quvvatlab, 10 nafar deputat esa unga qarshi ovoz bergan.

Ushbu mamlakat mustaqillikka erishgandan so‘ng to‘rtinchi prezidentga aylangan Sarkisyan o‘z faoliyatiga kirishgandan so‘ng Armanistonda o‘tish davrining barcha rasmiy va huquqiy tartib-taomillari yakunlandi hamda ushbu davlat rasman parlament respublikasiga aylandi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?