Ushbu tizimga barham berilmas ekan, tadbirkor bank bilan hamkorlik qilishni oʻylamaydi — deputat

17:13 10 Iyul 2020 Siyosat
343 0

Maʼlumki, oxirgi yillarda mamlakatimizda bank-moliya sektori izchil isloh qilinib, qator chora-tadbirlar amalga oshirildi va natijada ilgʻor bank biznesini yuritish hamda ushbu sektorda raqobat muhitini kuchaytirish uchun zarur huquqiy shart-sharoitlar yaratildi.

Xususan, xalqaro standartlarga muvofiq keladigan va moliyaviy sohaga xorijiy investitsiyalar kiritish uchun jozibador huquqiy muhitni yaratadigan “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi hamda “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi yangilangan qonunlari qabul qilindi.

Shu bilan birga, bank sohasidagi hozirgi holat tahlili bank sektorida davlatning yuqori darajadagi aralashuvi, davlat ishtirokidagi banklarda menejment va tavakkalchiliklarni boshqarish sifatining yetarli emasligi, iqtisodiyotda moliyaviy vositachilikning past darajasi kabi bank sektorini iqtisodiy yangilanishlar va jamiyat ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan qator tizimli muammolar soha rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-mayda qabul qilingan “2020 — 2025-yillarga moʻljallangan OʻzbekistonRespublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni ushbu masalalarni yechishga qaratilgan muhim qadam boʻldi.

Bugungi kunda banklar tomonidan koʻrsatilayotgan moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish, banklarning hududlarga kirib borishini kengaytirish va barcha aholi punktlarida bir xil turdagi xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrilishi lozim.

Davlat rahbari tomonidan bank tizimini isloh qilish strategiyasini amalga oshirish hamda mamlakat tijorat banklarining transformatsiya jarayonini jadallashtirish boʻyicha yigʻilish oʻtkazilgani ham bejiz emas.

Shu oʻrinda sohaga oid ayrim mulohazalar. Bank tizimiga zamonaviy servis yechimlari asosida axborot texnologiyalarini, moliyaviy texnologiyalarni keng joriy etish, axborot xavfsizligini lozim darajada taʼminlash, shuningdek, moliyaviy xizmatlar koʻrsatishda inson omili taʼsirini kamaytirish ularning transformatsiya jarayonini jadallashtirishni taqozo etadi.

Qayd etish joizki, bugungi kunda jami bank aktivlarining 15 foizi xususiy banklarga tegishli boʻlib, 85 foizi davlatning bevosita yoki bilvosita ulushi boʻlgan banklarga tegishli. Pandemiya sharoitida jahon iqtisodiyoti inqirozga yuz tutgan bir paytda xorijiy investorlarni milliy iqtisodiyotga jalb qilish qiyinlashib bormoqda. Dunyoning barcha mamlakatlarida investitsiya jalb qilishda tijorat banklari muhim oʻrin tutadi. Xorijiy investorlar sarmoya kiritish uchun xalqaro toifadagi banklarning kafolatini taqdim etishni soʻraydi. Shu sababli bank tizimida davlat ulushi nufuzli xorijiy bank xoldinglariga sotish orqali kamaytirish maqsadga muvofiq boʻlar edi. Bu yoʻl orqali ikkita maqsadga erishiladi. Birinchidan davlat ulushi kamayishi orqali xususiy banklar oʻrtasida raqobat rivojlanib, xizmatlar sifati yaxshilanadi, kredit foiz stavkalari tushadi. Ikkinchidan, davlat banklarining hukumat kafolati ostida olayotgan qarzlari kamayib, umumiy tashqi qarzga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Banklardagi davlat ulushini xususiylashtirish ularning korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, bank xizmatlari sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda kadrlar salohiyatini oshirish orqali amalga oshiriladi. Bunda asosiy eʼtibor bank kuzatuv kengashlariga bank sohasida xalqaro tajribaga ega boʻlgan mustaqil aʼzolarni kiritgan holda mijozlarga keng koʻlamli xizmatlarni (investitsion banking, faktoring, loyihaviy moliyalashtirish) taklif etish, yangi konsepsiya va texnologiyalarni joriy qilish (fintex, marketpleys, raqamli bank) va kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashga qaratiladi.

Sir emaski, mahalliy davlat hokimiyati organlar rahbarlari banklarning, shu jumladan kredit portfeli va bank aktivlarini shakllantirish bilan bogʻliq tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarish faoliyatiga aralashib kelmoqda. Ushbu aralashuvlar natijasida tadbirkor va aholining bank tizimiga boʻlgan ishonchi yoʻqolgan. Chunki, fermer xoʻjaligi oʻz hisobraqamiga tushgan pulga oʻzi ega boʻlmay, mahalliy hokimiyat buyrugʻiga koʻra turli tadbir va homiyliklarga oʻtkazib berilmoqda. Ushbu tizimga barham berilmas ekan tadbirkor bank bilan hamkorlik qilishni oʻylamaydi va hisobraqamidagi pulni tezroq naqdlashtirishga shoshiladi. Natijada pullar bank aylanmasidan chiqib “yashirin” iqtisodiyotga intiladi. Tadbirkorning hisobraqamidagi mablagʻ oʻz choʻntagidagi puli kabi boʻlmogʻi va hech kim uning roziligisiz ishlata olmasligi lozim. Shu bilan birga, banklar tomonidan bajarilayotgan ularning faoliyatiga xos boʻlmagan funksiyalardan (soliq agenti, qarzdorliklar hisobini yuritish va boshqalar) ozod etish ularga boʻlgan aholining ishonchini oshishiga va bank samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Davlat banklarini transformatsiya qilish bilan bir qatorda xususiy banklar ham biznes jarayonlarini optimallashtirishi lozim boʻladi. Nazarimda xususiy banklar konservativ boʻlgani tufayli operatsion risklardan qoʻrqib innovatsiya axborot xavfsizligiga tahdid boʻladi deb hisoblaydi. Innovatsiyani qoʻllash hisobiga texnologik jarayonlar qisqaradi va qaror qabul qilish maqbullashadi. Bu esa yangi mahsulotlar va yangi bozorlarga kirish uchun imkoniyat yaratadi. Xususiy banklar davlat banklariga nisbatan kichik boʻlganligi sababli innovatsion jarayonlarni tezroq moslashtira oladi. Shu sababli xususiy banklar bozorda raqobatbardosh boʻlishi uchun davlat banklaridan ilgariroq harakat qilsa koʻzlagan maqsadlariga erishishlari mumkin boʻladi.

Taʼkidlash joizki, pandemiya davrida mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan bir nechta qaror va farmonlar qabul qilindi. Mazkur qaror va farmonlarda tadbirkorlarga soliq va kredit imtiyozlari, xususan kredit toʻlovlarini toʻlash muddatlari uzaytirib berildi. Bu esa banklar kredit portfeliga salbiy taʼsir koʻrsatib, risklarni oshiradi.

Bunda banklarning kredit portfeli va loyihalar sifatini oshirish masalasi dolzarb boʻlib qolmoqda. Banklar tomonidan oʻtkazilgan stress-testlar natijalari muammoli kreditlar ulushi bir necha barobar koʻpayishi mumkinligi (hozirda 2,4 foiz), bu esa bank tizimi uchun jiddiy xatar ekanligini koʻrsatmoqda. Shu oʻrinda, tijorat banklarining muammoli kreditlar salmogʻining oshib ketishi samaradorlikka taʼsir etish bilan bir vaqtda xalqaro reyting kompaniyalarining banklarga berayotgan reyting baholariga ham salbiy taʼsir koʻrsatishini eslatib oʻtish darkor. Tijorat bankiga berilgan reyting koʻrsatkichini tushib ketishi xorijiy moliya institutlaridan olayotgan qarz resurslarining qiymati oshib ketishiga olib keladi. Shu sababli, tadbirkorlarning kredit toʻlovlarini muammoga duch kelmagan taqdirda oʻz vaqtida toʻlab borishi ularning davlatimiz ravnaqi uchun qoʻshgan hissasi boʻlar edi.

Yigʻilishda bank tizimida korrupsiyaga barham berish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Davlatimiz rahbari barcha tijorat banklari raislari korrupsiyaga chek qoʻyish, komplayens-nazorat kabi taʼsirchan mexanizmlarni joriy qilish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrishi lozimligini alohida taʼkidladi. Hozirgi kunda boshqa sohalardagi kabi fuqarolarimiz minnatdorlik hissi sifatida tijorat banki xodimlariga xizmat xaqi berishi yoki bank xodimlari oʻz xizmatlari uchun pora olish holatlari afsuski uchrab turadi. Ushbu noxush holatlarni oldini olish uchun aholini moliyaviy va huquqiy savodxonligini oshirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Buning uchun Markaziy bank tomonidan xalqaro moliyaviy tashkilotlar yordami bilan jahon tajribasidan kelib chiqib moliyaviy ommaboplikni milliy strategiyasini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.

Xulosa qilib aytish mumkinki, zamonaviy bank tizimini shakllantirish, banklarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va bank xizmatlarining yangi standartlarini joriy etishga qaratilgan bank tizimida kompleks oʻzgartirishlarni amalga oshirish bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston bank tizimining mavqeini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Jahongir ABDURASULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?