Aqtau shahrida Oʻzbekistonning bosh konsulxonasi ochildi

18:00 05 Sentyabr 2019 Jamiyat
418 0

Illyustrativ foto

Yaqinda Qozogʻistonning Aqtau shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Saidikram Niyazxodjayev, Mangʻistau viloyati hokimi Serikbay Trumov, bosh konsul Nodirjon Turgʻunov ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Nutq soʻzlaganlar taʼkidlaganidek, Aqtau shahrida Oʻzbekiston Bosh konsulxonasining ochilishi oliy darajadagi Oʻzbekiston-Qozogʻiston muntazam aloqalari davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda muhim qadam boʻldi hamda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga imkon beradi.

Oʻzbekiston Mustaqilligining 28 yilligiga hamda yangi diplomatik vakolatxonaning ochilishiga bagʻishlangan rasmiy marosim va qabulda Eron, Ozarbayjon, Turkmaniston va Turkiyaning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonalari rahbarlari, ishbilarmon doiralar vakillari hamda oʻzbek, qoraqalpoq entik-madaniy uyushmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari taqdimoti tashkillashtirildi.

Bosh konsulxonada Oʻzbekistondan Mangʻistau viloyati bozorlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazish boʻyicha amaliy muzokaralar boʻlib oʻtdi hamda 2.5 mln. AQSH dollari miqdorida dastlabki kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston Respublikasining Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi quyidagi manzilda joylashgan: 130000, Qozogʻiston Respublikasi, Aqtau shahri, 30-mikrorayon, 83/1-uy, telefonlar: +77292777117, +77775990050, +77775990051.

Aqtau shahridagi Bosh konsulxonaning konsullik okrugiga Qozogʻistonning Aqtoʻbe, Atirau, Mangʻistau va Gʻarbiy Qozogʻiston viloyatlari kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?