AQSHning Oʻzbekistonga tayinlanayotgan yangi elchisi yurtimizga qanday missiya bilan kelmoqchi?

19:27 24 Avgust 2018 Siyosat
405 0

Uzoq yillar davomida AQSHning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida muhim rol oʻynab kelgan Daniel Rozenblum yaqin orada Toshkentda yangi elchi sifatida ish boshlashi kutilmoqda. 23 avgust kuni u AQSH Senati qoshida soʻzlab, oʻz maqsadlarini tushuntirdi. Endi u Senat tasdigʻidan oʻtishi kerak.

“Butunlay suveren Oʻzbekiston kim bilan qanday hamkorlik qilishni erkin tanlay olishi Amerika manfaatlari uchun xizmat qiladi”, — dedi Rozenblum qonunchilar oldida soʻzlar ekan.

Uning fikricha, erkinlik va qonun ustuvorligi Oʻzbekistonni yorqin kelajak tomon yetaklovchi eng muhim omillardir.

Respublikada Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida keng qamrovli islohotlar boshlangan. Ularning ijobiy natijalar berishi uchun AQSH oʻz hissasini qoʻshishi, Oʻzbekiston xalqini yaqindan quvvatlashi kerak, dedi diplomat.

Xoʻsh, Rozenblum faoliyati davomida nimalarga alohida eʻtibor qaratmoqchi? Bular quyidagilar:

1. Afgʻonistonda tinchlikni taʻminlash, mintaqa xavfsizligini himoya qilish, xalqaro muammolarga qarshi kurashda faollik koʻrsatish.

2. Oʻzbekistonda islohotlar jadallashishi yoʻlida harakat qilish. Hozirgiga qaraganda barcha jabhalarda koʻproq madad koʻrsatish.

3. AQSH xususiy sektorini jalb etib, investitsiya qilish uchun zarur sharoit yaratilishida koʻmaklashish.

4. Inson huquqlari va erkinlikni targʻib qilish. Ijobiy oʻzgarishlarni olqishlab, kamchilik va muammolarni konstruktiv tarzda tanqid qilib, tizim yaxshilanishiga hissa qoʻshish.

5. Ikki xalqni yaqinlashtirish — turli almashinuv dasturlari, madaniy va ilmiy programmalar orqali yoshlarga imkoniyatlar yaratish, hamjihatlik va oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash.

Rozenblum 2014 yildan beri AQSHning Markaziy Osiyoga nisbatan diplomatiyasiga bosh-qosh edi. Ungacha Davlat departamentida turli boshqa lavozimlarda ham mintaqa, xususan Oʻzbekiston bilan ishlagan.

Kasaba uyushmalari va mehnat huquqlari boʻyicha ham tajriba ega, chunki bu yoʻnalishlarda ham xizmat qilgan.

Rozenblum AQSHning nufuzli Yel va Jons Xopkins universitetlarini bitirgan. Ogayo shtatidan ziyoli oilasidan chiqqan. Oilali, ikki farzandi bor.

Vashingtondan “Xalq soʻzi” uchun “Amerika ovozi” muxbiri

Navbahor IMAMOVA maxsus tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?