AQSHning nufuzli jurnali O‘zbekistonning noyob tajribasi haqida ilmiy-tahliliy maqola chop etdi

18:11 18 Iyun 2018 Jamiyat
1226 6

AQSHda chop etiladigan va qishloq xo‘jaligi hamda o‘rmonchilik sohasida dunyoda yetakchi ilmiy nashr hisoblangan “Agriculture and Forestry” xalqaro ilmiy-tahliliy jurnalida “Paxta to‘qimachilik klasteri ta’lim, fan va ishlab chiqarishning innovatsion hamkorligi bazasi sifatida” sarlavhali maqola chop etildi.

Iqtisod fanlari doktori, professor, Nyu-York fanlar akademiyasining akademigi M. Rahmatov, biologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Milliy universiteti professori, Nyu-York fanlar akademiyasining akademigi B. Zaripov, texnika fanlari doktori, professor F. Rahimov va boshqalar qalamiga mansub materialda O‘zbekistonning sohadagi o‘xshashi yo‘q tajribasi haqida atroflicha so‘z yuritiladi.

Xususan, unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita g‘oyasi asosida O‘zbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan innovatsion paxta to‘qimachilik klasteri tizimining noyobligi, yangiligi, xalqning hayot sifati va mamlakat eksport salohiyatini oshirishdagi strategik ahamiyati ham ilmiy-nazariy, ham amaliy nuqtai nazardan chuqur tahlil etib berilgan. Xususan, davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2017 yil 14 dekabrdagi “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, 2016 yil 21 dekabrdagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishning 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturiga oid, 2017 yil 19 maydagi Buxoro viloyatida zamonaviy paxta-to‘qimachilik klasterini tuzish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorlarining mazmuni, ularning ijrosi asosida olib borilayotgan izchil islohotlar, joriy etilayotgan innovatsiyalar, nou-xaular mohiyati chuqur ochib berilgan. Bu, o‘z navbatida, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimiz akademik doiralari vakillariga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tiborning o‘ziga xos samarasi hamdir.

Ma’lumot uchun, “Agriculture and Forestry” xalqaro ilmiy-tahliliy jurnali Amerikadagi obro‘li “Scientific & Academic Publishing”(SAP) nashriyoti tomonidan chop etib kelinadi. Mazkur nashriyot o‘z navbatida arxitektura va dizayn, biznes, menejment, kimyo, fizika, kompyuter texnologiyalari, muhandislik, geografiya, matematika, statistika, tibbiyot, psixologiya, fiziologiya, san’at kabi akademik fanlarning keng ko‘lamini o‘zida qamrab olgan yuzlab nashrlarga ega. Ularga tajribali professionallar muharrirlik qiladi.
SAP dunyodagi yetakchi ilmiy-tadqiqot uyushmasi hisoblanib, eng yirik ilmiy jamiyatlar nashriyotlaridan biridir. Uning jurnallari xalqaro miqyosda keng tan olinadi, qadrlanadi va yuksak baholanadi. 

SAP olimlar va tadqiqotchilarning zamonaviy xabi, izlanuvchilar uchun a’lo darajadagi resurslar taqdim etuvchi, insoniyat oldida turgan o‘tkir muammolarga ilmiy yechimlar taqdim etuvchi platforma hamdir. U an’anaviy va zamonaviy texnologiyalarni o‘zida uyg‘unlashtirgan. Ya’ni mazkur nashriyot jurnallarida beriladigan har bir material nafaqat bosma, balki elektron shaklda ham butun dunyoga tarqatiladi va ilmiy doiralarda katta qiziqish bilan kutib olinadi. Mualliflik huquqlari jahon standartlari asosida qat’iy himoya qilinadi.


Izohlar


Nodir Temirov

Яшнасин Узбекистон!!! Браво!!!

22:0718.06.2018