AQSHning Kolumbiya universiteti va Toshkent moliya instituti oʻrtasida fakultetlar yaratilishi mumkin

13:56 25 Noyabr 2019 Jamiyat
120 0

Yaqinda yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirish dasturi doirasida Toshkent moliya institutida Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Atabek Nazirovning “Oʻzbekistonda kapital bozorining hozirgi holati va istiqbollari” mavzusida maʼruzasi boʻlib oʻtdi. Maʼruzada Toshkent moliya institutining magistrantlari va talabalari ishtirok etdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼruza davomida Atabek Nazirov Oʻzbekistonda jadal iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun kapital bozorining rivojlanishining oʻta muhimligini taʼkidladi.

“Agar biz chinakam raqobatbardosh bozor iqtisodiyotini qurishni istasak, iqtisodiyotda kapitalni toʻgʻri va samarador taqsimlashimiz lozim. Afsuski, bank tizimida davlat aralashuvining kuchliligi ushbu samaradorlikka salbiy taʼsir oʻtkazmoqda. Hozirgi sharoitda ushbu samaradorlikni oshirishning eng maqbul yoʻli – kapital bozorini tezkor rivojlantirishdir”.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kapital bozorini rivojlantirish agentligiga Toshkent moliya institutining tegishli kafedrasi faoliyatini muvofiqlashtirish va yetakchi xorijiy universitetlar bilan birgalikda kapital bozori sohasi uchun sifatli kadrlar tayyorlanishi va kadrlar malakasi oshirilishini taʼminlashni topshirgan.

Shu munosabat bilan, Agentlik tomonidan AQSHning Kolumbiya universiteti va Toshkent moliya instituti oʻrtasida fond birjasi mutaxassislarini tayyorlash, qoʻshma dastur va fakultetlar yaratish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish choralari koʻrilmoqda.

Hususan, 7-noyabr kuni Toshkent moliya institutida Kolumbiya universitetining xalqaro va jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha amaliyot professori Uilyam Eymikining “Ijtimoiy qiymatga investitsiya” mavzusida maʼruzasi boʻlib oʻtgan edi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?