AQSHning “Honeywell UOP” kompaniyasi O‘zbekistonda 3,2 mlrd. dollarlik loyihani amalga oshirmoqchi

18:55 06 Avgust 2018 Iqtisodiyot
499 0
Foto: globuc.com

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati AQSHning “Honeywell UOP” kompaniyasi bilan MTO va “Separex” texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil may oyida AQSHga qilgan rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakatning bir qator kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishib olingan edi. Shu asosda “Honeywell UOP” kompaniyasi bilan qiymati 3,2 mlrd. AQSH dollarilik loyihani amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Unga ko‘ra, MTO (metanoldan olefinga) texnologiyasini qo‘llash orqali tabiiy gazdan metanolni, metanoldan olefinni hamda olefindan boshqa mahsulot olish bo‘yicha ishlab chiqarish kompleksi tashkil etiladi.

Loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish va tasdiqlash natijalariga ko‘ra, MTO texnologiyasi litsenziya egasi bo‘lmish “Honeywell UOP” kompaniyasi bilan keyingi hamkorlik shakllari muhokama qilinadi. Hamkor kompaniyaning, ayniqsa, “Separex” texnologiyasi gaz qazib chiqarish bo‘yicha dunyoning dastlabki yigirmataligidan o‘rin olgan O‘zbekiston uchun juda muhimdir.

Gap shundaki, “Separex” membranaviy tizimlar tabiiy gaz tarkibidan suv va kislotali gazni chiqarib tashlash uchun ishlatiladi. Tizimlar burma qilib o‘rnatilgan membranali elementlarga ega blokli asosda yetkaziladi. “Separex” membranaviy tizimlarning erituvchi moddalarda ishlaydigan oddiy protsessorlardan farq qiluvchi afzalliklari shundaki, qayta ishlanayotgan tabiiy gaz sifati ancha yuqori, ekspluatatsion xarajatlar esa ancha past bo‘ladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmatining “Xalq so‘zi”ga ma’lum qilishicha, o‘zaro anglashuv memorandumiga muvofiq, “Honeywell UOP” kompaniyasi “Separex” gaz ajratuvchi blokning tajriba-sanoat sinovini tizim korxonalaridan birida o‘tkazadi.

Ijobiy natija olingach, ushbu texnologiya respublikamizdagi boshqa gaz qayta ishlash korxonalarida joriy etish masalasi ko‘rib chiqiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?