AQSHning beshta nufuzli universiteti vakillari Oʻzbekiston bilan tanishdi

17:46 18 Oktyabr 2018 Jamiyat
433 0

Soʻnggi vaqtlarda butun dunyoda Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Xususan, xorijiy davlatlar yoshlari mamlakatimiz haqida yaqindan bilishga intilishyapti. Bunda nafaqat boy tarixiy-madaniy merosimiz, balki keng koʻlamda davom ettirilayotgan islohotlar tufayli Vatanimizning barqaror taraqqiyotga erishib, xalqaro miqyosda mavqei yuksalib borayotgani ham muhim omil boʻlayotir.

Bunga yaqinda Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasida AQSHning beshta yetakchi oliy oʻquv yurti — Boston, Nyu-York, Kaliforniya, Beylor universitetlari hamda Ogayo shtati universiteti talabalari ishtirokida oʻtkazilgan tadbirni misol sifatida keltirish mumkin. Unda xorijlik yigit-qizlarga mamlakatimiz tarixi, sayyohlik salohiyati, xalqimiz anʼana va qadriyatlari toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi.

Yuqorida sanab oʻtilgan oliy taʼlim dargohlari, chindan ham, jahonda katta obroʻ-eʼtiborga ega. Masalan, Boston universiteti 1839 yilda tashkil etilgan boʻlib, ayni paytda dunyodagi 100 ta eng nufuzli oliy oʻquv yurti roʻyxatiga kiradi. Bu yerda 30 mingdan ortiq talabalar oʻqiydi, toʻrt mingga yaqin olim va oʻqituvchilar faoliyat yuritadi.

1831 yilda asos solingan Nyu-York universitetida esa 50 mingdan ziyod yigit-qizlar tahsil oladi. Uning bitiruvchilari va pedagoglaridan 31 nafari Nobel, 19 nafari “Oskar”, “Emmi”, “Gremmi” mukofotlari laureati boʻlgan.

Kaliforniya, Beylor universitetlari va Ogayo shtati universiteti ham yuksak salohiyati bilan ajralib turadi.

Taqdimot chogʻida mehmonlar elchixonaning tarixiy binosi hamda Vatanimiz haqida hikoya qiluvchi eksponatlar bilan yaqindan tanishishdi. Hunarmandlarimiz va sanʼatshunoslarimiz asarlari, shuningdek, mamlakatimizning diqqatga sazovor joylari, turizm imkoniyatlari, taʼlim hamda boshqa sohalarni ravnaq toptirish borasida qilinayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar talabalarda katta taassurot qoldirdi.

Bundan tashqari, qadimiy maskanlar, obidalarni asrab-avaylash, Buyuk Ipak yoʻli boʻylab turizm yoʻnalishlarini rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, bir qator davlatlar sayyohlari uchun viza tartibi soddalashtirilgani toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi. Ishtirokchilarning tasavvuri yanada boyishi uchun ularga bosma materiallar, broshyuralar taqdim etildi. Vatanimiz tarixiy-madaniy hayotidan soʻzlovchi film namoyish qilindi.

Boston universiteti dekani Uolter Montano taqdimot yuqori saviyada tashkil etilganini bildirib, “Samarqand, Buxoro, Toshkent kabi tarixiy shaharlar toʻgʻrisida hikoya qiluvchi film va materiallar qatnashchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Kelgusida ham bunday tadbirlarni davom ettirib, talabalarimizni Oʻzbekiston bilan yanada yaqinroq tanishtirish istagidamiz” deya taʼkidladi.

Ogayo shtati universiteti 4-bosqich talabasi Emili Lipstroning aytishicha, har juma kuni ular uchun Amerika va xorijiy davlatlar muassasalariga sayohat uyushtiriladi. Bu gal Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasida tadbir boʻlishini eshitib, unda ishtirok etishni sabrsizlik bilan kutdi. “Yurtingiz haqidagi maʼlumotlar bilan tanishgach, menda Oʻzbekistonga borish, bu goʻzal mamlakatni oʻz koʻzim bilan koʻrish niyati tugʻildi” dedi u.

Shavkat ORTIQOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?