AQSHlik ekspert: Oʻzbekiston afgʻon mojarosini tartibga solish jarayonida hamisha muhim ishtirokchi boʻlib kelgan va bundayn keyin ham shunday boʻlib qoladi

18:30 06 Mart 2020 Siyosat
137 0

Mamlakatimiznig AQSHdagi diplomatik missiyasi xabariga koʻra, yaqinda Vashingtondagi elchixonamizda Xalqaro strategik tadqiqotlar uyushmasi prezidenti Gregori Kupli, Atlantika kengashi Yevroosiyo markazi direktori Jon Xyorbst hamda AQSH Milliy mudofaa universiteti Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi professori Briann Todd bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda ekspertlar AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasida imzolangan tinchlik bitimi hamda Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi qarama-qarshilikni siyosiy-diplomatik yoʻl bilan hal etishga qoʻshgan hissasi borasidagi fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Gregori KUPLI:
 

— Afgʻonistonda tinchlikni taʼminlashga qaratilgan ushbu kelishuv Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun oʻta muhim hisoblanadi.

Biz Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda osoyishtalik va Afgʻoniston Islom Respublikasining unga integratsiyasini taʼminlashda hal qiluvchi rol oʻynayotganiga guvoh boʻlib turibmiz. “Mozori-Sharif —Hirot” va “Mozori-Sharif — Peshavor” temir yoʻl transport yoʻlaklari loyihalarini amalga oshirish yoʻli bilan Afgʻoniston ichida transport tarmoqlarini kengaytirish shular jumlasidandir.

Tinchlik bitimi mintaqa mamlakatlari va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo ittifoqini sezilarli ravishda mustahkamlashga qodir. Bugun Oʻzbekiston AQSH, Afgʻoniston, Pokiston, Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari bilan hamkorlikda AIR hududi orqali mintaqaning transport-logistika tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni qabul qilishi muhimdir. Bunday bogʻlanish afgʻon xalqining ijtimoiy-iqtisodiy holatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Ayni chogʻda bitim buzilishiga olib keluvchi xatarlar ham yoʻq emas. “Tolibon” harakati nazoratidan tashqaridagi omillar, oldinda koʻrib boʻlmaydigan vaziyatlar mavjud.

Ammo dunyo hamjamiyati uchun eng asosiy mujda shuki, endi biz afgʻon iqtisodiyotini tiklash haqida oʻylashimiz kerak. Koʻp narsa “Tolibon” harakatining hukumat bilan birgalikda mamlakat taqdiriga daxldor qarorlarni qabul qilish jarayonlarida ishtirok etishga tayyor ekanligiga bogʻliq. Agar bu roʻy bersa, nafaqat Afgʻoniston fuqarolari, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi foydasiga xizmat qiladi.

Umuman olganda, biz birinchi marta Markaziy Osiyo yana global savdo, iqtisodiy va siyosiy maydonga aylanayotgani, oʻz taraqqiyot yoʻlini mustaqil belgilash uchun yetarli darajada kuchli boʻlib borayotganing guvohi boʻlmoqdamiz.

Jon XYORBST:
 

— Mazkur bitim Afgʻoniston kelajagini belgilashda dolzarbdir. AQSH prezidenti Afgʻoniston hududidan oʻz qoʻshinlarining yarmini qatʼiy tarzda olib chiqmoqchi. Bu esa “Tolibon” harakatiga Ashraf Gʻani hukumati bilan muzokaralarni boshlashi uchun yaxshi motivatsiya boʻlib xizmat qiladi. Kelishuv “Tolibon” oʻzini yaxshi tutishiga turtki beradi. Binobarin, ushbu bosqichda ularning oldindan aytib boʻlmaydigan harakatlari darajasini qisqartirish juda muhim va zarurdir.

Oʻzbekiston afgʻon mojarosini tartibga solish jarayonida hamisha muhim ishtirokchi boʻlib kelgan va bundayn keyin ham shunday boʻlib qoladi, u shimoliy taqsimot tarmogʻining ajralmas qismidir. Oʻz navbatida koʻplab etnik oʻzbeklar ham istiqomat qiladigan Afgʻoniston bilan yaxshi savdo-iqtisodiy munosabatlarni qoʻllab-quvvatlab kelyapti.

Brian TODD:
 

— Tinchlik bitimi uzoq kutilgan hujjat boʻlib, afgʻon mojarosini harbiy yoʻl bilan hal etish mavjud emasligini tasdiqlaydi. Mazkur kelishuvni koʻp yillik urushni bartaraf etish boʻyicha diplomatik muzokaralarning ibtidosi deb hisoblash mumkin. Bu AQSH kontingentini qisqartirish, hukumat va “Tolibon” harakati oʻrtasidagi muzokaralarni boshlashga olib kelishi kerak.

Oʻzbekiston koʻplab mamlakatlar qatori Afgʻoniston Islom Respublikasidagi tinchlik jarayonlarini doim qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Toshkent oʻzida Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Xalqaro konferensiyani oʻtkazdiqabul qildi. Oʻzbekiston va AIR rahbariyati tinchlikni oʻrnatish boʻyicha saʼy-harakatlarni birgalikda safarbar etishga tayyor ekanliklarini butun dunyoga namoyon qilishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?