AQSHdagi Xalqaro respublika instituti parlament saylovlariga kuzatuvchilar yuboradi

14:01 09 Avgust 2019 Jamiyat
52 0

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasida Xalqaro respublika instituti(IRI)ning Yevroosiyo mamlakatlari boʻyicha boʻlimi direktori Stefan Niks va ushbu muassasa vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Tashqi ishlar vazirligi bergan xabarga koʻra, mazkur muloqot IRI kuzatuvchilarining shu yil Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan parlament saylovlarida ishtirok etishi masalasi, shuningdek, Oliy Majlis va AQSH Kongressi oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.

Muzokaralar davomida Oʻzbekistonga IRI monitoring missiyasini tashkil etishga kelishib olindi. Amerika delegatsiyasi oʻz tarkibida Kongress vakillari, AQSH va Gʻarbdagi boshqa davlatlar yetakchi ekspertlarini ham qamrab olishi kutilyapti.

Xalqaro respublika instituti mutasaddilari Oʻzbekistonda boʻlajak parlament saylovlari umuman yangicha muhitda oʻtkazilishiga ishonch bildirdi. Ularning fikricha, mamlakatimizda davlat rivojlanishining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha qarorlarni qabul qilish jarayonida qonunchilik hokimiyati rolini mustahkamlash, deputatlar va senatorlar faolligi hamda tashabbuskorligini oshirish, parlament aʼzolarining oʻz saylovchilari oldidagi hisobdorligini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Bu oʻz navbatida saylovlarga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?