AQSHdagi eng katta masjid imom-xatibi: Oʻzbekistonda eʼtiqod erkinligini taʼminlash sohasidagi islohotlar faol davom ettirilmoqda

11:45 11 Mart 2020 Jamiyat
417 0

Oʻtgan yil noyabr oyida Oʻzbekistonga AQSH, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Pokiston, Kambodja, Ukraina va Qozogʻistondan 40dan ortiq dinshunos olimlar, huquq va din sohasidagi xalqaro ekspertlar, konfessiyalar yetakchilari va ijtimoiy faol ayollardan iborat delegatsiya tashrif buyurgandi. Ular ushbu safar chogʻida Toshkent va Samarqand shaharlarida qonun ustuvorligi va eʼtiqod erkinligi masalalari boʻyicha ekspertlik uchrashuvlari, konfessiyalararo muloqotlar, ilmiy-amaliy seminarlarda ishtirok etishdi.

Mazkur tadbirlar 2019-yil sentyabr oyida Nyu-York Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va AQSHning alohida topshiriqlar boʻyicha elchisi Sem Braunbek bilan ikki tomonlama uchrashuv chogʻida erishilgan kelishuv asosida tashkil qilindi.

Yaqinda AQSHning diniy erkinlik sohasidagi birinchi elchisi Robert Saypel tomonidan asos solingan Global jalb qilish instituti xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan maxsus videosyujet tayyorlandi.Bu haqda O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi ma'lum qildi.
Videolavhada amerikalik olimlar, diniy yetakchilar va diniy huquq boʻyicha ekspertlar Oʻzbekistonga tashrifiga oid taassurotlari haqida soʻzlab berdilar, mamlakatimizda eʼtiqod erkinligini taʼminlash, maʼrifiy islomni targʻib qilish usullari, dinlararo totuvlik darajasi va ziyorat turizmi salohiyatini mustahkamlash boʻyicha olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berishdi.

Xususan, Global jalb qilish instituti vitse-prezidenti Jeyms Chen nega uning tashkiloti Oʻzbekistonga qiziqib qolgani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi: “Buning asosiy sabablaridan biri — Oʻzbekistonda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jabhalarda ulkan oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Aslida ham Oʻzbekiston har yili AQSH hukumati tomonidan shakllantiriladigan diniy erkinlikni buzuvchi mamlakatlar roʻyxatidan chiqarib tashlangan sanoqli davlatlardan biri hisoblanadi. Binobarin, biz Oʻzbekiston hukumati va uning xalqi bilan birga boʻlishni, ularning intilishlariga erishishlari yoʻlida oʻz hissamizni qoʻshishni istaymiz”.

AQSHning diniy erkinlik sohasidagi alohida topshiriqlar boʻyicha sobiq elchisi Devid Sapershteyn ham Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan ekspertlararo muloqot haqida fikrlari bilan oʻrtoqlashdi: “Amerikalik va diniy erkinlik tarafdori boʻlgan boshqa mamlakatlardan borgan ekspertlar Oʻzbekistondagi rahbarlar, diniy jamoalar, huquqshunos olimlar, shuningdek, davlat organlari vakillari bilan faol hamkorlik qildi. Bu alohida ahamiyat kasb etgan muloqot boʻldi. Zero, oʻrganish va eng yaxshi amaliyotlar, gʻoyalar, qarashlarni oʻzaro almashish vositasida biz dunyoni ijobiy tomonga oʻzgartira oladigan yondashuvlarni topishga muvaffaq boʻldik”.

Uning fikricha, bugungi Oʻzbekistondagi holat oʻzida eʼtiqodlararo munosabatlarning noyob voqeligini oʻzida ifodalamoqda, zotan, diniy konfessiyalar vakillari bir ovozdan harakat qilyapti, tinchlik, xotirjamlik va farovonlik qaror topgan jamiyatni qurishmoqda.

Shimoliy Amerikadagi musulmon jamoatchiligining taniqli rahbarlardan biri, AQSHdagi eng katta ADAMS masjidi imom-xatibi Muhammad Majid Oʻzbekistonda eʼtiqod erkinligini taʼminlash sohasidagi islohotlar faol davom ettirilayotganini taʼkidladi.

Uning aytishicha, jamiyatda dinning roli kuchaymoqda, masjidlar va boshqa islom sivilizatsiyasining markazlari bunyod etilayotir. M.Majid Oʻzbekiston buyuk allomalar va dinshunoslarning bebaho merosi bilan islom tamadduniga ulkan hissa qoʻshganini eʼtirof etar ekan, barchani islom olamining buyuk namoyandalari, mutafakkirlari abadiy qoʻnim topgan ushbu zamindagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishga taklif etdi.

Texas shtatidagi Nort-Vud cherkovi pastori Bob Roberts Samarqandda boʻlib oʻtgan dinlararo muloqotdan olgan taassurotlari xususida alohida toʻxtalib oʻtdi.

“Oʻzbekiston — turli eʼtiqod vakillari tinch-totuv va farovon hayot kechirayotgan davlat sifatida namunadir,” — dedi u.

U mamlakatda mavjud boʻlgan barcha diniy konfessiyalar va jamiyatlarning erkin va osoyishta yashashlari uchun hamma sharoitlar yaratilganiga urgʻu berdi.

“Turli dinlarga mansub odamlar oʻrtasida koʻprik barpo etish maqsadini hayotga tatbiq qilar ekanmiz, biz eng kuchli 10 nafar imom, ruhoniy va ravvinlardan iborat olimlar bilan Oʻzbekistonga safar uyushtirishga qaror qildik”, — dedi Amerika cherkovi rahbari.

IGE faxriy prezidenti Kris Siple xalqaro ekspertlarning Oʻzbekistonga tashrifi yakunlarini baholay turib, mamlakatda etnik va diniy mansubligidan qatʼiy nazar, qonun ustuvorligi qaror topganini eʼtirof etdi.

“Barcha tomonidan qoʻllaniladigan qoidalar va qonunlarning umumiy majmui oʻzaro ishonch muhitini yaratdi. Bu odamlarga murosasiz tafovutlarni yengib oʻtgan holda, umumiy farovonlik yoʻlida hamjihatlikda ishlashga imkon bermoqda, — deya qoʻshimcha qildi u. — Bu insonlarning shunday jipslashishiki, ular oʻz yetakchilari bilan birgalikda yana-da yaxshi kelajakka erishadilar”.

“Men Oʻzbekistonda bir hafta davom etgan safarimdan chuqur taassurot oldim. Chunki toʻsiqlar buzilayotgani, muloqot kengayayotgani, doʻstona aloqalar yoʻlga qoʻyilayotganing bevosita guvohi boʻldim”, — deya delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi boʻyicha fikrlarga mantiqiy yakun yasaydi IGE prezidenti va bosh direktori Jon Boyd.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?