AQSHda jurnalistlar hibsga olingani, kaltaklangani qoralanmoqda

10:08 11 Iyun 2020 Dunyo
298 0

“Lincoln Journal Star” gazetasi muxbiri Kris Danker 31-may kuni Nebraska shtati, Linkoln shahridagi namoyishlarni yoritayotganda qoʻlga olinganidan shokda. Jiletida “OAV” deb yozilgan boʻlsa-da, politsiya uni yerga qulatib, qoʻlini kishanlab, qisqa vaqt ushlab turgan. Birozdan soʻng qoʻyib yuborishgach, Danker namoyishlarni suratga olishda davom etgan.

“Huquq-tartibot xodimlari jurnalistlarni ochiqchasiga nishonga olayotgani, maʼlumot tarqatish huquqini poymol qilayotgani, [konstitutsiyada soʻz va matbuot erkinligini kafolatlovchi] birinchi tuzatish doirasida oʻz ishini bajarayotganda hibsga olayotgani juda tashvishlanarli”, - deydi Kris Danker “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Matbuot erkinligi bilan bogʻliq ahvolni kuzatib boruvchi tashkilotlar koalitsiyasi 50 dan ziyod shunday holatlarni tekshirmoqda.

Bir xil huquqlar

Huquq himoyachilari va media ekspertlar xulosasiga koʻra, hibslar konstitutsiyaviy huquqlarning buzilishi boʻlib, AQSHning matbuot erkinligi boʻyicha xalqaro mavqeiga putur yetkazadi.

Jurnalistlarga bepul xizmat koʻrsatuvchi advokat Sara Metyusning aytishicha, namoyishlarni yoritayotgan jurnalist namoyishchi bilan bir xil huquqlarga ega va soʻz erkinligi bilan himoyalangan.

“Oddiy qilib atganda, jurnalistlar politsiyaning qonuniy buyruqlariga rioya qilayotgan boʻlsa, ularga hujum qilinishi yoki kaltaklanishi mumkin emas”, - deydi u.

Jurnalistlarning hibsga olinishi yoki hujumga uchrashi tasvirlangan videolar “oʻta ayanchli”, deya qoʻshadi Metyus.

“Toʻgʻri yoʻl tutgan”

29-may kuni Minnesota shtatining Minneapolis shahridagi namoyishda “CNN” telekanali muxbiri va operatorlari media vakillari ekanini aytsada, politsiya ularni hibsga olgan. Ular koʻchaning qayti tomonidan ishlash mumkinligini ham soʻragan. Advokat Sara Metyus kanal xodimlari toʻgʻri yoʻl tutganini aytadi.

“Huquq-tartibot idoralari tashabbus koʻrsatishi, bunday voqea takrorlanmasligini taʼminlashi lozim”, - deydi u.

Jurnalistik tashkilotlar hibs va hujumlar yuzasidan tergov oʻtkazishni talab qilmoqda.

3-iyun kuni Amerika Fuqaro Erikinliklari Ittifoqi “sababsiz hibsga olingan” va hujumga uchragan jurnalistlar nomidan Minneapolis shahri, politsiya idorasi va Minnesota shtat politsiyasini sudga berdi.

“Reyter” agentligi xabariga koʻra, 600 tashkilot BMT Inson huquqlari kengashining maxsus yigʻinini oʻtkazishga, namoyishchilarlar va jurnalistlarga nisbatan politsiya zoʻravonligiga oid mustaqil tekshiruv boshlashga undamoqda.

“Boshqa davlatlar AQSHga namuna sifatida qaraydi. Ular huquqlar oyoq osti qilinayotganini, Amerika qadriyatlariga zid xatti-harakatlar boʻlayotganini koʻrib, bundan oʻrnak olishi xavotir uygʻotadi”, - deydi media boʻyicha mutaxassis Keti Kayli.

Boshogʻriq

Tennessi universitetida Soʻz erkinligi markazi direktori Ken Polson fikricha, boshqa davlatlar soʻnggi voqealarni AQSHga qarshi qoʻllashi mumkin.

“Bizning qadriyatlarga qoʻshilmaydigan hukumatlar bu voqealarni dalil qilib koʻrsatib, Amerika biz oʻylagan davlat emas deyishi, uni ikkiyuzlamachilikda ayblashi mumkin”, - deydi Polson.

Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasining ogohlantirishicha, politsiyaning namoyishlarga javobi “oʻz xalqini va matbuotni shafqatsiz bostiradigan zolimlar va avtokrat rahbarlarni ragʻbatlashtirishi mumkin”.

Tashkilot shtat gubernatorlari, merlar va politsiya boshliqlariga yoʻllagan maktubda ommaviy axborot vositalarining ahamiyatiga urgʻu berilgan.

“Ularning voqealarni yoritishiga toʻsqinlik qilib, siz ommani axborotdan mahrum qilayapsiz. Shu omma oldida siz va idoralaringiz javobgar”, deyiladi unda.

Tashkilot aziyat chekkan jurnalistlarga favqulodda yordam koʻrsatmoqda. Shuningdek, politsiyaning muxbirlar bilan muomalasi yuzasidan mahalliy va shtat rasmiylarga murojaat qiladi.

“Bu mavzuni politsiya idoralari uchun katta bir boshogʻriqqa aylantiramiz. Ular jurnalistlarni himoya qilish, asosida konstitutsiya yotgan qonunlarga rioya qilish majburiyatiga ega”, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi vakili Kortni Resh.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?