AQSHda oʻzbekistonlik mashhur hunarmandning savdo uyi ochildi

16:07 23 Avgust 2019 Jamiyat
123 0

Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi xabariga koʻra, AQSHning Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahrida shahrisabzlik taniqli hunarmand Gulnora Odilovaning “Gulnor” savdo uyi ochildi. Bundan koʻzlangan maqsad okean ortiga milliy toʻqimachilik mahsulotlari eksportini tizimli yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishdir.

Mamlakatimiz diplomatik vakolatxonasidan maʼlum qilinishicha, ushbu savdo uyi ipakdan tikilgan oʻzbek milliy mahsulotlari savdosini tashkil etish, turli koʻrgazma va yarmarkalar oʻtkazish uchun oʻziga xos maydon vazifasini bajarib beradi.

Shu maqsadda Pensilvaniyada Amerikaning “US Financial and Consulting Services” kompaniyasining 50 foizlik ulushi ishtirokida “Gulnor LLC” kompaniyasi roʻyxatdan oʻtkazildi.

Maʼlumot uchun aytish joiz, “US Financial and Consulting Services” savdo agentlarini, “Shou-rumda” savdo-sotiqni tashkil etish uchun ofis va tijorat binolarini taqdim etadi.

Oʻzbekistonlik hunarmandning okean ortidagi savdo uyining rasmiy ochilishi shu yil sentyabr oyida boʻlib oʻtadi. Unda AQSH kompaniyalari, OAV vakillari, riteylerlar va dizaynerlar qatnashishi kutilyapti.

Eʼtiborlisi, “Gulnor LLC” 10-14-avgust kunlari Nyu-York shahri mezbonlik qilgan nufuzli “Bugungi Nyu-York: Uy va kundalik hayot uchun bozor” xalqaro koʻrgazmasida ishtirok etishga ham ulgurdi.

Ushbu forum har yili qish va yoz faslida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadi. U uy, kundalik hayot uchun moʻljallangan hamda qoʻlda tikilgan uch turdagi toʻqimachilik mahsulotlari namoyish etiladigan dunyodagi eng yirik platformadir. Zero, koʻrgazmada AQSHning barcha shtatlari va xorij davlatlaridan riteylerlar, dizaynerlar, chakana savdo kompaniyalaridan 20 mingdan ortiq ishtirokchi hozir boʻladi.

Joriy yilda dunyoning 80dan ortiq mamlakatidan 2300dan ziyod brend qatnashdi. Ularning ichida Oʻzbekiston, AQSH, Fransiya, Italiya, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Avstraliya, Tayvan, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlari bor. Qolaversa, tadbirga “abc carpet & home”, “Ross”, “Walmart”, “Fortuny/Venezia”, “Calvin Klein”, “GAP” kabi riteylerlik, dizayn va chakana savdo sohasidagi yirik kompaniyalarning 25 mingda ortiq vakillari keldi. Oʻz navbatida uning ishi 400dan ortiq xalqaro ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritildi. Bu oʻz navbatida oʻzbek brendi nomini keng targʻib qilish imkonini ham berdi.

Zotan, “Gulnor LLC” savdo uyi tomonidan “Iroqi” uslubida ipakda tikilgan shahrisabzcha kashtalarning katta assortimentdagi namunalari taqdim etildi. Ular xaridorlar tomonidan keng foydalaniladi. Binobarin, koʻrgazma ishtirokchilari bu gal ham oʻzbek toʻqimachilik sanʼati nafisligi va rang-barangligiga yuksak baho berishdi. Boisi, ushbu milliy mahsulotlar oʻzida yurtimizning qadimgi va zamonaviy qiyofasini teran uygʻunlashtirgan edi. Tadbir mehmonlari ham ilgari bu kabi goʻzallikni dunyoning boshqa birorta mamlakatidan koʻrishmaganini eʼtirof etishdi.

Savdo uyi menejeri Eldor Ahmedovning aytishicha, koʻrgazmaning oʻzida “Gulnor” brendi ostida 20 ming dollarlik tovarlar sotildi. Yakunda esa “abc carpet & home”, “Island Girl Miami”, “M&M Design International”, “Privet House”, “GOOD WOOD”, “BLOOM”, “American Folk Art Museum”, “Elizabeth Wilhelm Goodale Designs”, “Needle House in Rice Village”, “Fortuny/Venezia”, “The Phoenix” va “The Folk Art Gallery” savdo belgilari bilan yil oxirigacha toʻqimachilik mahsulotlarining birinchi turkumini yetkazib berish boʻyicha 50 ming dollarlik kelishuvlarga erishildi. Shularga mos ravishda Amerika kompaniyalari milliy mahsulotlarimizni sotib olish hajmlarini keskin oshirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Ayni chogʻda koʻrgazma tashkilotchilari bilan 2020-yil yanvar oyidagi navbatdagi tadbirda ham ishtirok etish boʻyicha shartnoma imzolandi.

Umuman olganda, mamlakatimiz dipmissiyasi koʻmagida “Gulnor” savdo uyining ochilishi, uning yirik xalqaro koʻrgazmada ilk bor qatnashishi Amerika bozoriga oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlari eksportini koʻpaytirish, AQSHda milliy madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va sanʼatimizni ommalashtirish, shu asnoda amerikalik turistlar uchun diyorimiz jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?