AQSHda Oʻzbekiston boʻyicha Kokusning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

17:10 25 Fevral 2019 Jamiyat
360 0

Yaqinda mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi binosida AQSH Kongressida tashkil etilgan Oʻzbekiston boʻyicha alohida parlament guruhi – Kokusning birinchi majlisi boʻlib oʻtdi. Mazkur guruh AQSHda oʻtgan yil noyabr oyida oʻtkazilgan parlament saylovlaridan keyin oʻz faoliyatini qayta yoʻlga qoʻygan edi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

AQSH Respublikachilar partiyasidan Kokus hamraisi boʻlgan kongressmen Trent Kelli oʻz chiqishida Kongressda Oʻzbekiston-Amerika munosabatlarini chuqurlashtirish boʻyicha manfaatlarni ilgari suradigan amerikalik qonun chiqaruvchilarning vakili boʻlish katta iftixor ekanligini taʼkidlab oʻtdi. U Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar xalq manfaatlari va mamlakat kelajagi yoʻlida yuksalishga erishishga qaratilgan deb hisoblaydi.

Maʼlumot uchun, kokus(inglizchada caucus) – tarafdorlar yoki siyosiy partiyalar yoxud siyosiy harakat aʼzolari kengashidir.

Vakillik palatasining demokratik koʻpchiligidan hamraisi Visente Gonzales Oʻzbekiston AQSH uchun strategik muhim ahamiyat kasb etishini aytib oʻtdi. Uning fikricha, Toshkent bilan doʻstlik va sheriklikni mustahkamlash Vashington manfaatlariga javob beradi.

Texas shtatidan Kongress vakili boʻlgan Gonsalez investitsiyalar sohasida oʻz shtati bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni yoʻlga quyish oʻzi uchun eng muhim masala ekanligiga urgʻu berdi. Energetika tarmogʻi oʻzaro muvaffaqiyatli aloqalar uchun ustuvor yoʻnalishdir, deb hisoblaydi siyosatchi. U bu boradagi sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish uchun yordam berishga tayyor ekanligini bildirdi.

Tadbir davomida Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov tomonidan Kongress bilan hamkorlik boʻyicha Oliy Majlisdagi parlamentlararo guruh rahbari senator Sodiq Safoyev yoʻllagan maktubni oʻqib eshittirdi. Unda Kapitoliyda AQSH bilan ham federal, ham hududiy darajalarda savdo-investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida qayta tashkil etilgan tuzilma bilan oʻzaro aloqalarni davom ettirishga tayyorlik bayon qilingan.

Yakunda kongressmenlar Kelli va Gonsalez “Oʻzbekiston boʻyicha Kokus” birinchi yigʻilishi protokolini imzoladilar. Ishtirokchilar protokolda parlamentlararo muloqot, savdo va sarmoya sohasidagi oʻzaro aloqalarni yanada faollashtirish, biznes jamoatchilik, qolaversa, madaniy-gumanitar va taʼlim sohalaridagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni qoʻllab-quvvatlashlari taʼkidlangan. Hujjat asosida amerikalik vakillar tomonidan Kongressning boshqa aʼzolari ham Kokus faoliyatiga qoʻshilishga chaqirilgan.

Eslatib oʻtamiz, ushbu yigʻilishda Vakillik palatasi va Kongress, Milliy xavfsizlik kengashi, Davlat departamenti, savdo va mehnat vazirliklari, Pentagon, Xususiy xorij investitsiyalari korporatsiyasi, AQSHdagi yetakchi “aql markazlari”, Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi, nohukumat tashkilotlar, xalqaro institutlar, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?