AQSHda oʻzbek tili kuni keng nishonlandi

20:46 20 Oktyabr 2020 Jamiyat
530 0

Oʻzbekiston Respublikasining Vashingtondagi elchixonasi maʼlumotiga koʻra, 19-oktyabr kuni diplomatik vakolatxonamiz Ogayo va Arizona davlat universitetlari bilan birgalikda mamlakatimizning davlat tili kuniga bagʻishlangan tantanali bayram tadbiri oʻtkazdi.

Mazkur anjumanda Ogayo davlat universiteti (ODU) Tarix hamda Yaqin sharq tillari va madaniyati kafedralari mudiri Skott Livay, ushbu oliygoh Slavyan va Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi direktori Anjela Brinlingerlar, Arizona davlat universiteti (ADU) Muhim tillar instituti direktori Irina Levin, 20 ga yaqin amerikalik mustaqil tadqiqotchi olimlar, doktorant va talabalar ishtirok etishdi.

Eslatib oʻtamiz, akademik jihatdan ODU AQSHning ijtimoiy-gumanitar fanlar taʼlimi yoʻnalishi boʻyicha eng yaxshi universitetlar reytingida 17 va jahonda 45-oʻrinni egallaydi. Shuningdek, oliygoh mamlakatdagi eng katta kutubxonalardan biriga ega boʻlib, oʻzida 1 milliondan ortiq kitob fondini saqlaydi. Hozirgi kunda ODU AQSHdagi eng yirik oʻzbek tili taʼlimi dasturiga ega boʻlib, yiliga oʻrtacha hisobda 10-12 ta oliygoh talabalariga mamlakatimiz davlat tilini oʻrgatadi.

Arizona davlat universiteti ham dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biri boʻlib, AQSHdagi eng innovatsion va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga eng koʻp hissa qoʻshayotgan taʼlim maskanidir. ADU yiliga 100 mingga yaqin talabalarni oʻzining 17 ta kampusida 350 dan ortiq mutaxassisliklar boʻyicha oʻqitadi.

Elchixona xabar berishicha, tadbir ochilish marosimida, ishtirokchilar yurtimizda oʻzbek tilini keng targʻib qilish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar bilan batafsil tanishishdi. Oxirgi yillarda hukumatimiz tomonidan oʻzbek tilini mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda oʻqitilishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor yoʻnalishlar amerikalik olimlar orasida katta eʼtibor qozondi. Ilk bor Oʻzbekiston prezidentining BMT Bosh Assambleyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlagani jahon hamjamiyati uchun yaqqol belgi boʻlib xizmat qiladi, deb taʼkidlashdi ekspertlar.

Shu bilan birga, anjuman ishtirokchilari oʻzlari tayyorlagan sahna koʻrinishlari va prezentatsiyalarini namoyish qilishdi. Ularda tilimizga boʻlgan hurmat, milliy anʼanalarimizni oʻrganishga ishtiyoq yaqqol koʻzga tashlandi.

Tashkil etilgan vebinar davomida, AQSHlik ishtirokchilar oʻzlarining ravon oʻzbek tilidagi nutqlari bilan chiqishlar qilishdi, madaniyatimiz va tariximizga boʻlgan ulkan qiziqishlarini namyoish etishdi va quyidagi fikrlarni bildirishdi.

Michigan universiteti tarix fani oʻqituvchisi va doktoranti Albert Kavallaro:

“Assalomu alaykum, xonimlar va janoblar! Mening ismim Albert, men tarixchiman, Michigan universitetda tarix oʻqituvchisi boʻlib ishlayman. Bundan tashqari men Michigan universitetda doktorantman. Mening ilmiy ishim Markaziy Osiyo bilan bogʻliq.

Nega men oʻzbek tilini oʻrganyapman? Albatta, ilmiy ishimni yaxshi yozishim uchun oʻzbek tilini oʻrganishim kerak. Lekin asosiy sabab ham, maqsad ham bu emas. Men shuni bilamanki, oʻzbek tilida ellik million odam gapiradi. Oʻzbekistonda va Afgʻonistonning shimolida oʻzbek tili davlat tilidir. Va bu tilning tarixi juda qiziq.

Oʻzbek adabiy tilida va shevalarda koʻp soʻzlar bor, qoidalar bor. Agar siz bu qoidalarni yaxshi bilsangiz, dunyodagi yana yigirmadan ortiq tillarni tushuna olasiz. Yaʼni oʻzbek tilida boshqa turkiy tillarda boʻladigan hodisalar bor va bu til boshqa koʻp turkiy tillarni ham oʻrganish uchun asos boʻla oladi.

Oʻzbek tili oʻzbek millatining madaniyatini koʻrsatadi va bu ham men uchun juda qiziq. Menga bu ham sabab boʻldi. Shuning uchun men oʻzbek tilini sevib oʻrgandim, Arizona davlat universitetida Muhim tillar institutida 7 hafta oʻzbek tilini oʻrgandim va Amerika konsulligining sertifikatini oldim. Menga oʻrtadan yuqori darajasini berdilar. Oʻqituvchim mendan ham koʻproq bunga xursand boʻldi, menimcha.

Arizonadagi darslardan men oʻzbek madaniyati haqida ham koʻp oʻrgandim. Ayniqsa, men oshni, palovni pishirishni oʻrgandim va bundan xursandman. Lekin mening palovim hech qachon Chustiyning palovidek yoki boshqa mashhur oʻzbek oshpazlarining palovidek boʻlmaydi. Umid qilamanki, bir kun Oʻzbekistonga boraman, koʻp oʻzbek doʻstlarni topaman. Va biz birga yana koʻp ilmiy ishlarni qilamiz. Hamma-hammaga oʻzbek tili bayrami muborak boʻlsin”.

«Gartner» kompaniyasining tadqiqotlar boʻyicha mutaxassisi Kerolayn Mesa.

“Assalomu alaykum! Mening ismim Kerolayn. Menimcha, yangi tillarni oʻrganish juda muhim! Mening eng sevganim oʻzbek tili. Men Arizonaning Muhim tillar instituti oʻzbek tilini oʻrgandim va uni sevib qoldim. Men raqs tushishni juda yaxshi koʻraman. Ayniqsa, salsa, bachatani, va cha-cha-chani mazza qilib oʻynayman. Men oʻzbek raqsiga ham qiziqaman. Chunki oʻzbek milliy raqs sanʼati uzoq va boy tarixga ega.

Kelajakda men Fulbrayt dasturi orqali Oʻzbekistonga boraman. Men talabalarga ingliz tilidan dars beraman. Men Oʻzbekistonga borishimdan juda hursandman. Koʻrishguncha!!”

Arizona davlat universiteti doktoranti Nikol Tig:

“Assalomu alaykum, mening ismim Nikol, tanishganimdan xursandman. Arizona davlat universitetida aspirantman va tarixni oʻrganyapman. Hozirda men ikkinchi-jahon urushidagi Oʻrta Osiyo askarlarini tadqiq qilyapman.

Men 2019-yilda oʻzbek tilini oʻrganishni boshladim. Oʻtgan yozda, men Oʻzbekistonga oʻzbek tilini oʻrganish uchun borishni rejalashtirgandim, lekin afsuski pandemiya boshlandi va borish mumkin boʻlmay qoldi. Umid qilamanki, kelasi yil men Oʻzbekistonga borsam kerak. Kelajakda men oʻzbek tilini oʻrganishda davom etaman chunki men Oʻzbekiston tarixini oʻrganishim kerak.”

Ogayo davlat universiteti talabasi Maksvell Parker:

«Sizlar bilan tanishganimdan xursandman. Mening ismim Maksvell Parker, men Ogayo davlat universitetida oʻqiyman. Men tarix, siyosat va tillarga qiziqaman. Men oʻzbek tilidan tashqari rus, ispan va xitoy tillarini oʻrganganman. Men oʻzbek tilini oʻrganyapman, chunki menimcha u juda qiziq, muhim va boshqacha».

Glendeyl kolleji yapon tili oʻqituvchisi Shigeko Toyota:

Assalomu alaykum! Mening ismim Shigeko Toyota. Men olti yil avval Arizona davlat universitetida zbek tilini rgandim. Keyin zbekistonga bordim. Menga zbek odamlari juda yoqadi. Ular juda mehribon. Sizlarni oʻzbek tili bayrami bilan tabriklayman!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?