AQSHda oʻzbek raqslari tarixi va xoreografiyasi boʻyicha ikki haftalik trening tashkil etildi

21:21 12 Sentyabr 2020 Dunyo
181 0

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi oʻzbek madaniyati va sanʼatini ommalashtirish doirasida Amerikaning “Silk Road Dance Company” kompaniyasi bilan birgalikda milliy raqs sanʼatini oʻrgatish boʻyicha “Central Asian Dance Camp 2020” ikki haftalik onlayn treningini tashkil etdi.

Oʻzbekiston mustaqilligining 29 yilligiga bagʻishlangan tadbirda AQSHning 11 shtatidan vakillar ishtirok etdi. Jumladan, Virjiniya, Kaliforniya, Kentukki, Kolorado, Luiziana, Massachusets, Merilend, Ogayo, Kolumbiya okrugi, Tennessi va Florida kabi mintaqalar raqs ixlosmandlari ikki hafta davomida oʻzbek raqsidan saboq oldi.

Ushbu treningning Amerika tomonidan tashkilotchisi dunyoga mashhur olim, “Silk Road Dance Company” rahbari Laurel Grey boʻldi. U 1984-yil Amerikada Oʻzbekiston raqs va madaniyat jamiyatiga asos solgan, 1994-yildan buyon har yili Markaziy Osiyo raqs lagerini tashkil etib keladi. Laurel 1999-yil “Eng yaxshi etnik raqqosa”, 2003-yil “Eng yaxshi xoreografiya” xalqaro mukofotlari bilan taqdirlangan.

— Markaziy Osiyo raqslarini oʻrganish boʻyicha ushbu madaniy dastur 17 marotaba oʻtkazildi, — dedi Laurel Grey. — Bu safargi tadbir alohida sharoitda tashkil etildi. Yaʼni pandemiya paytidagi karantin cheklovlari tufayli treningni onlayn formatda oʻtkazdik. Odatda, milliy bezak elementlari, badiiy buyumlar, anʼanaviy mato, devorda osilgan soʻzana, bularning barchasi ishtirokchilar uchun haqiqiy Oʻzbekiston muhitini yaratadi. Bundan tashqari, raqsga tushishni oʻrganayotganda, nafaqat yangi harakatlar yoki alohida elementlarni oʻzlashtirasiz, balki oʻzingiz uchun yangi madaniyat, turmush tarzi, urf-odatlarni ham kashf etasiz.

Milliy raqsning ajoyib ijrochilari nafis mahoratini namoyish etish uchun dasturga butun umrini raqs sanʼatini oʻrganish va yosh isteʼdodlarni tarbiyalashga bagʻishlagan Oʻzbekiston xalq artisti, taniqli xoreograf Qodir Moʻminov jalb qilindi. Taniqli sanʼat arbobi 60 yil davomida koʻplab badiiy jamoalar, shu jumladan “Oʻzbekiston” davlat ashula va raqs ansambliga rahbarlik qilgan.

Xalq raqqosi taʼkidlaganidek, milliy raqs xalqning urf-odatlari, mentaliteti haqida soʻzlab terishga qodir. Raqs va musiqa navolari hamohang tarzda oʻzbek raqsining shakllanish yoʻli oson boʻlmagani va bugun sohada qanday oʻzgarishlar yuz berayotganini namoyish qiladi. “Agar madaniyatlar va dunyo xalqlari bir ummon boʻlsa, oʻzbek raqs madaniyati ushbu ummonga quyilayotgan daryoga oʻxshaydi”, dedi Q.Moʻminov.

“Central Asian Dance Camp 2020” dasturi doirasida oʻzbek raqsi tarixi boʻyicha maʼruzalar tinglandi, Xorazm va Buxoro raqs anʼanalari boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi. Shuningdek, mamlakatimiz elchixonasi va Tamaraxonim muzeyiga virtual ekskursiya tashkil etildi, diplomatik missiya oshpazi tomonidan milliy taom - palov tayyorlash boʻyicha mahorat darsi oʻtkazildi.

Xoreografik darslar amerikalik ishtirokchilarning nazariy bilimlarini sifat jihatdan boyitdi. Raqs elementlarida oʻzbek xalqining turmush tarzini aks ettirishga alohida ahamiyat berildi. Bunday taqdimotlar Oʻzbekiston bilan ilk bor tanishayotgan oʻzbek raqs sanʼatining yosh ixlosmandlari uchun juda foydalidir.

Mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasiga virtual sayohat paytida oʻzbekistonlik diplomatlar afsonaviy «Titanik» kemasining halok boʻlgan yoʻlovchilaridan biriga tegishli boʻlgan diplomatik missiya binosining noyob tarixi haqida soʻzlab berdi. Mehmonlar oʻzbek xalqi boy madaniyati va sanʼatining elchixona muzeyida saqlanayotgan namunalarini yuqori baholadi.

Elchixona oshpazi tomonidan taqdim qilingan gastronomik brend — bayramona oʻzbek palovini tayyorlash jarayoni tadbirlarga boy dasturning qiziqarli sahifasi boʻldi. Anʼanaviy oʻzbek taomini tayyorlashning nozik jihatlari haqida tadbir ishtirokchilariga soʻzlab berildi.

Mamlakatimiz Madaniyat vazirligi koʻmagida mashhur oʻzbek raqqosasi Tamara xonim uy-muzeyiga tashkil etilgan virtual sayohat ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Tamaraxonim nafaqat raqqosa, balki anʼanaviy oʻzbek raqsining haqiqiy islohotchisi boʻlgani taʼkidlandi. Uning folklor qoʻshiq va raqs sohasidagi tadqiqotlari ashula-raqs miniatyurasi janrini yaratishga yordam bergan. Sanʼatkor repertuaridan 80 dan ortiq tildagi yarim mingdan ziyod qoʻshiq, milliy raqslar va boshqa xoreografik chiqishlar oʻrin olgan.

Trening ishtirokchilarining bilimlarini baholash boʻyicha onlayn- konsert tashki etildi. Ular oʻz chiqishlarida oʻzbek raqs maktabining Qunduz Mirkarimova, Rushana Sultonova, Isohor Oqilov va boshqa mashhur namoyondalari xoreografik usullaridan foydalandi, yorqin milliy liboslarda “Munojot”, «Mustahzod», “Dilxiroj”, “Samarqand ushshogʻi”, “Daryo toshqin” kabi raqslarni ijro etdi.

“Central Asian Dance Camp 2020” dasturi yakunida L.Grey oʻz fikrlarini izhor qildi.

— Jahon hamjamiyati, ayniqsa Gʻarb dunyosi vakillari uchun oʻzbek raqslari yangi, ammo juda qiziqarli va jozibali hisoblanadi, - dedi u. - Amerika Qoʻshma Shtatlarining turli shtatlarida yashaydigan raqs ixlosmandlari oʻzbek raqs sanʼatini oʻrganishga katta qiziqish bildirganiga guvohi boʻldik. Men oʻzbek milliy raqslarini yana-da kengroq targʻib qilishga ahd qilganman. Oʻzbekistonda yashagan vaqtimda xalqingiz menga katta hurmat va mehmondoʻstlik namunalarini koʻrsatdi. Ustozlarim Qizlarxon Doʻstmuhamedova, Qodir Moʻminov, Viloyat Oqilova, Galiya Izmailova menga bunday noyob sanʼatning mohiyati va goʻzalligini chuqurroq anglab yetishimga yordam berdi. Raqs sanʼati anʼanalari avloddan avlodga oʻtishi kerak. Boshqa madaniyat vakillari boʻlgan yosh qizlarning oʻzbek raqslarini oʻrganishga boʻlgan qiziqishi gʻayrioddiy tuyulishi mumkin. Ammo ular ham, men ham goʻzallik va noziklik oldida bosh egmay tura olmaymiz. Ushbu dasturni tashkil etishda menga yordam bergan elchixona xodimlari va barcha-barchaga samimiy minnatdorligimni bildiraman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?