AQSH va KXDR o‘rtasidagi tarixiy sammit boshlandi

09:11 12 Iyun 2018 Dunyo
610 0
Foto: AFP

O‘zaro munosabatlar tarix ma’lumi, uning buguni va kelajagi qanday bo‘ladi?

Va nihoyat Singapurning Sentos orolida AQSH prezidenti Donald Tramp va KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashdi. Ular ikki bayroq fonida uzoq vaqt qo‘l siqishib ko‘rishishdi. Muzokaralardan oldin jurnalistlar bilan muloqot qilindi. So‘ngra ikki davlat rahbari faqat tarjimonlar ishtirokida yakkama-yakka suhbatlashib oldi. Dastlabki xulosalar, taassurotlar ikki tomonda ham yaxshi ekanligi aytilyapti. Bu haqda ABC, CNN telekanallarida translyatsiyalar olib borilayotir. Shunday qilib ilk tarixiy sammit boshlandi. Nima uchun ilk? Nima uchun tarixiy? Ikki mamlakat o‘rtasida munosabatlar shakllanishi tarixi bilan tanishib chiqib, ana shu savollarga to‘liq javob topishingiz shubhasiz.

Koreys davlatlarining tashkil topishi

1910 yildan boshlab Yaponiya hukmronligi ostida bo‘lgan Koreya yarim oroli Ikkinchi jahon urushidan so‘ng AQSH va sobiq ittifoq ta’siri ostidagi mintaqaga aylantirildi. Janubdan 38-parallelgacha bo‘lgan hudud AQSH nazoratiga o‘tib, 1948 yilning 15 avgustida bu joyda Koreya Respublikasi tashkil topdi. Sobiq ittifoq qo‘lidagi shimoliy qismda esa Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga asos solindi. AQSH o‘shandan buyon faqat Koreya Respublikasini qonuniy deb tan olib keladi va KXDR bilan diplomatik aloqalarga ega emas, uning manfaatlarini ushbu davlatda Shvetsiya ifodalaydi. Vashington KXDRni rasmiy nom deb bilmaydi, balki uni Shimoliy Koreya deya qabul qilgan.

Koreys urushi

1950-1953 yillardagi Koreys urushi paytida AQSH Janubiy Koreyani qo‘llab-quvvatlashda davom etdi. Amerikalik harbiylar 17 davlat kontingentini birlashtirgan umumiy soni 1 million kishi(uchdan ikki qismi AQSHlik)lik BMT qo‘shinlari safida jangovar harakatlarda ishtirok etgan. 1953 yil 27 iyulda tuzilgan yarashuv sulhi asosida harbiy harakatlar to‘xtatilgan. Mazkur hujjat KXDR va AQSH boshchiligidagi BMT koalitsiyasi tomonidan imzolangan. Biroq o‘zaro tinchlik bitimiga erishilmagan hamda KXDR rasman AQSH bilan urush holatida qolgan.

KXDRda yadro dasturlari rivojlanishi bilan bog‘liq keskinliklar(1950-2000-yillar)

Urushdan so‘ng AQSH Koreya Respublikasida qo‘shinlarining bir qismini (ayni paytda 28,5 ming kishi) qoldirdi. 1958 yilda esa 1953 yilgi kelishuvga xilof ravishda Janubiy Koreya hududiga yadro qurolini joylashtirib, 1991 yildan ishga tushirdi. Ushbu davrda Shimoliy Koreya rahbariyati ham o‘ziga tegishli yadro infratuzilmasini rivojlantirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

1986 yilda esa Amerika sun’iy yo‘ldoshlari KXDR hududida MAGATE(Shimoliy Koreya ushbu tashkilotga 1974 yilda a’zo bo‘lgan) ro‘yxatiga kiritilmagan yadro reaktorini payqab qoladi. Shundan so‘ng, to‘g‘rirog‘i 1990-yillardan AQSH Pxenyan yadro dasturi tinchlik maqsadlariga qaratilganini tasdiqlab kelayotganiga shubha ostida qaray boshlagan. O‘z navbatida KXDR va MAGATE o‘rtasida tushunmovchilik kelib chiqqan. Vashingtonning Pxenyanga bosim o‘tkazishiga bo‘lgan urinishlari mojaroni yanada keskinlashtirgan.

Mazkur qarama-qarshilik 1994 yil oktyabriga kelibgina Jenevada Amerika – Shimoliy Koreya o‘rtasida hadli bitim imzolangandan so‘ng tartibga solindi. Unga ko‘ra, KXDR o‘z yadro dasturini rivojlantirishni to‘xtatadi. Prezident Bill Klinton(1993-2001 yillar) ma’muriyati esa buning evaziga Shimoliy Koreyaga ikkita yengil suvli reaktor barpo etish, ular foydalanishga topshirilgunga qadar mamlakatga mazut yetkazib berishni va’da qildi. Ushbu kelishuvni amalga oshirish uchun Koreya energetikasini rivojlantirishga ko‘maklashish tashkiloti (KERKT) tuzildi. AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya va Yevropa Ittifoqi uning ishtirokchilariga aylandi.

2001 yilda esa prezident Jorj Bush-kichkina(2001-2009) o‘zidan oldingi ma’muriyatning KXDRga nisbatan siyosatini tanqid ostiga oldi. U mazkur davlatni Eron va Iroq qatorida “yovuzlik kuchlari”dan biri deb atadi. Oqibatda Pxenyan va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarda yana muammolar paydo bo‘ldi. AQSHning 2002 yildagi yadro siyosati bo‘yicha kuzatuvlarga asoslangan ma’ruzasida KXDR preventiv yadro zarbasi nishonlaridan biri sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Shu yili okean orti Pxenyanni harbiy maqsadlarda uranni boyitayotganlikda ayblab chiqib, unga yoqilg‘i yetkazib berishni to‘xtatdi hamda KERKT dasturini muzlatib qo‘ydi.

KXDRning 2003 yilda MAGATE va 1985 yil qo‘shilgan Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi kelishuvdan chiqib ketishi qarama-qarshiliklarni yanada keskinlashtirdi. O‘shanda Vashington Koreya yarim oroli yadro muammosi bo‘yicha olti tomonlama muzokaralar(KXDR, Janubiy Koreya, AQSH, Yaponiya, Xitoy va Rossiya) ishtirokchisiga aylangandi.

AQSHning Pxenyanga yadro obyektlarini qat’iy rejim asosda tekshirilishi va murosasiz qaror qabul qilish bo‘yicha talab qo‘yishi ortidan KXDR mazkur muzokaralarni ham tark etdi.

2011 yilda prezident Barak Obama (2009-2017) olti tomonlama muzokaralarni yangilashga harakat qilib ko‘rdi. Biroq 2013 yilda Shimoliy Koreya tomonidan tajovuzkorlik holati bo‘lsa, AQSH bunga qarshi nafaqat oddiy, balki zarurat tug‘ilganda yadro qurolini ham qo‘llashga tayyor ekanligini e’lon qiladi. Shu yili Shimoliy Koreya o‘z qonunchiligida “KXDR yadro quroli adolatli mudofaa vositasi hisoblanadi, sababi uning qo‘lga kiritilishi AQSHning dushmanlik siyosati doimiy o‘sishiga javoban majburiy choraga aylandi” deya belgilab qo‘ydi.

2016 yilda esa Barak Obama KXDRning AQSH Janubiy Koreya bilan birgalikdagi harbiy mashg‘ulotlarini to‘xtatishi evaziga yadro sinovlariga moratoriy qo‘yish to‘g‘risidagi taklifini rad etdi.

2017 yildagi inqiroz

2017 yilda Koreya yarim orolidagi vaziyat juda keskinlashdi. Shimoliy Koreya qit’alararo ballistik raketalar(QBR)ni bir necha bor sinov tariqasida uchirdi. Shu munosabat bilan 2017 yil yanvar oyidan o‘z lavozimiga kirishgan AQSH prezidenti Donald Tramp KXDR va uning yetakchisi Kim Chen In(2011 yildan shu lavozimda) manziliga ayblov kampaniyasini boshladi. U 2017 yil aprel oyida Shimoliy Koreya qirg‘oqlari yaqiniga Carl Vinson aviatashuvchisi boshchiligidagi eskadrani jo‘natish bilan o‘z so‘zlarini amaliy jihatdan ham tasdiqladi. KXDR sinov raketalarini uchirishda davom etaverdi. AQSH rahbari esa bunga nisbatan “dunyo hali ko‘rmagan olov va shiddat bilan javob berilajagi” bilan tahdid qildi. Ertasi kuni Shimoliy Koreya AQSHning Guamdagi bazasiga hujum qilish rejasi haqida ma’lum qildi. KXDR tomonidan 2017 yil sentyabr oyida qit’alararo ballistik raketaga o‘rnatish mumkin bo‘lgan kompakt vodorod zaryadi hamda noyabr oyida AQSHning qit’adagi hududigacha yetib bora oladigan “Xvason-15” QBR sinovdan o‘tkazilishi o‘zaro mojaroni yanada keskinlashtirdi.Qarama-qarshilikning bunday rivojlanishi Shimoliy Koreyani terrorizmning homiy-davlatlari ro‘yxatiga qayta kiritilishiga sabab bo‘ldi(ilk bor Vashington mazkur mamlakatni bu ro‘yxatga 1987 yilda Janubiy Koreya avialayneri portlab ketganidan bir yil o‘tib joylashtirgan, 2008 yilda esa uni chiqarib tashlagandi) hamda sanksiyalar kuchaytirildi.

Sanksiyalar

Amerikaning KXDRga nisbatan sanksiyalari rejimi u yoki bu darajada 70 yildan beri amalda bo‘lib kelyapti. Ular ilk bor 1950 yilda qo‘llanilgan. O‘shanda Vashington unga deyarli to‘liq iqtisodiy embargo kiritgandi. Biroq 1951 yilda savdoga mumkin qadar qulaylik berish maqsadida mazkur tartib bekor qilindi. Vaqt o‘tib savdo sanksiyalari yumshatildi, ammo bir vaqtning o‘zida boshqa cheklovlar qo‘yildi. Masalan, 1988 yilda Shimoliy Koreyaga AQSHda ishlab chiqarilgan ikkilamchi tovarlar hamda texnologiyalarni eksport va reekport qilish taqiqlandi. 1992 yilda faoliyati raketa dasturi bilan bog‘liq Shimoliy Koreya kompaniyalariga sanksiyalar kiritildi. 2006 yildan buyon KXDR bilan harbiy sohada hamkorlik qilib kelayotgan xorij kompaniyalariga ham cheklovlar joriy etildi.

2016 yildan esa yadro quroli, qurol-yarog‘ savdosi, inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan Shimoliy Koreya fuqarolari va tashkilotlariga maxsus choralar ko‘rish boshlandi. Ya’ni ularning AQSHdagi mulklari va hisob raqamlari muzlatildi, AQSH fuqarolari va kompaniyalariga “qora ro‘yxat”ga tushganlar bilan ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish man etildi. 2018 yilda qabul qilingan Amerika raqiblariga qarshi sanksiyalar vositasida kurashish qonunida ham Shimoliy Koreyaga nisbatan ilgari qabul qilingan cheklovchi chora-tadbirlar mustahkamlab qo‘yildi.

Munosabatlarni normallashtirish yo‘lidagi qadamlar (2018)

2018 yildan Kim Chen In Koreya Respublikasi bilan aloqalarni normallashtirish kampaniyasini boshladi, aprel-may oylarida koreys davlatlarining ikkita sammiti tashkil etildi. Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In AQSH va Shimoliy Koreya o‘rtasida yuqori darajada uchrashuv o‘tkazish tashabbusini bildirdi. Joriy yil may oyida AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo mazkur muzokaralar detallarini muhokama qilish uchun Pxenyanga keldi.

Bugungi kun tartibida Kim Chen In va Donald Tramp Koreya yarim orolini denuklerizatsiya qilish istiqbollarini ko‘rib chiqishadi. Hozircha ilgari surilayotgan bayonotlarga ko‘ra, KXDR sanksiyalarni oldindan olib tashlash va iqtisodiy yordam olish evaziga yadro qurolidan voz kechish jarayonini amalga oshirish bo‘yicha konsensus mavjud. O‘z navbatida sammit yakunida Koreya urushini mutlaqo tugatish nazarda tutilgan hujjat ham imzolanishi mumkinligini bildirgan.

Tarixiy anjumanda davlat rahbarlaridan tashqari AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo, prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton hamda Oq uy ma’muriyati rahbari Jon Kelli, KXDR tomonidan esa Koreya Mehnat partiyasi raisi o‘rinbosari Kim Yon Chxol, KMP MQ xalqaro bo‘limi mudiri Li Su Yon, KXDR tashqi ishlar vaziri Li Yon Xo ham ishtirok etyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?