AQSH va Xitoy oʻrtasidagi savdo urushi jahon iqtisodiyotiga qanday taʼsir oʻtkazadi?

17:59 19 Oktyabr 2018 Dunyo
938 0

Mazkur savolga “Amerika ovozi” teleradiosida berilgan quyidagi xabar javob boʻla oladi.

“AQSH Prezidenti Donald Tramp uning iqtisodiy siyosati tufayli Amerika iqtisodiyoti har qachongidan kuchli ekanini taʼkidlamoqda. Biroq Jahon banki va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi AQSH va Xitoyni tariflar urushini bas qilishga chaqiryapti, aks holda oʻzaro tortishuvdan jahon iqtisodiyoti zarar koʻrishi aytilayotir. Bu haqida “Amerika ovozi” teleradiosi xabar berdi.

Unda aytilishicha, oʻtgan hafta AQSH qimmatbaho qogʻozlar bozoridagi silkinish bu hafta Osiyo va Yevropa bozorlariga ham tarqaldi. Amerika tadbirkorlik instituti eksperti Dezmond Lexmenning aytishicha, sarmoyadorlar tashvishi asosli.

“AQSH Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini kutilganidan koʻproqqa koʻtarishga majbur endi, shu kabi gaplar quloqqa chalindi. Bu esa sarmoyadorlarni xavotirga solmoqda. Xitoy bilan savdo aloqalaridagi mavhumlik ham oʻziga yarasha salbiy taʼsir qilyapti”, - deydi Lexmen.

Jahon banki va Xalqaro valyuta fondining Balida oʻtgan qoʻshma majlisida AQSH va Xitoy oʻrtasidagi tariflar urushi ham muhokama etildi.

Jamgʻarma ijrochi direktori Kristin Lagard taranglikni tushirishga chaqirmoqda.

“Hisoblarimizga koʻra, savdo aloqalaridagi taranglik kelasi ikki yilda dunyo yalpi ichki mahsulotining salkam bir foizga qisqarishiga olib keladi. Shu sabab hozirgi munozaralar hovurini tushirish zarur. Shu bilan birga global savdo tizimini yaxshilash, kuchaytirish, adolatliroq qilish maqsadida, barcha mamlakatlar uchun oʻzaro manfaatli boʻlishi, kelajakka mos boʻlishi uchun uni isloh qilish zarur”, - dedi Lagard.

Prezident Tramp moliya bozorlaridagi sarosimada Federal zaxira tizimini aybladi.

“Markaziy bank xato qilyapti, u yerdagilar aqldan ozgan”, - dedi Tramp.

Tramp Amerika iqtisodiyotining oʻsishida oʻz hissasi borligini aytadi. Tahlilchilar bu fikrga qisman qoʻshiladi. Ular nazarida, Tramp siyosati allaqachon rivojlanayotgan iqtisodiyotga qisqa muddatli turtki berdi.

Biroq uzoq muddatda, deydi mutaxassislar, Oq uy maʼmuriyatining savdo va byudjet kamomadlarini oshirishga qaratilgan siyosati Markaziy bankni foiz stavkalarini oshirishga majburlab, rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotiga zarar qilishi mumkin.

“AQSHda foiz darajasi oʻsgan sari, dollar koʻtarilgan sari rivojlanayotgan mamlakatlarga berilayotgan pul endi AQSHga qaytib keladi. Shu pulni olgan, deylik, Argentina, Turkiya yoki Janubiy Afrika, undan toʻgʻri foydalanmagan va natijada katta kamomadga uchragan boʻlsa, endi AQSHdagi yangi moliyaviy vaziyat bilan yuzlashishiga toʻgʻri keladi”, - deydi tadbirkorlik instituti xodimi.

Jahon banki prezidenti Jim Yon Kim rivojlanayotgan mamlakatlarni kelajakda savdo bahslariga tayyor turishga chaqirmoqda.

“Savdo ziddiyatlari kuchayishidan oldin bu mamlakatlar tayyorgarligini koʻrishi, ularga maslahat berishimiz kerak. Hozir har biri bilan shu mavzuda gaplashyapmiz”, - deydi bank rahbari.

AQSH va Xitoy prezidentlari kelasi oy oxirida Argentinada boʻladigan “Katta yigirmalik”ka aʼzo mamlakatlar rahbarlari sammiti doirasida muloqot qilishi kutilmoqda”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?