AQSH va Xitoy o‘rtasida savdo mojarosi avj olmoqda

10:46 18 Iyun 2018 Dunyo
185 0
Foto: novostipmr.com

AQSH Prezidenti Xitoydan kelayotgan 50 milliard dollarlik texnologiya mahsulotlariga 25 foizlik tarif joriy qilinishi haqida ogohlantirdi.

Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo mojarosini yanada kuchaytirishi kutilyapti. Bu haqda “Amerika ovozi” teleradiosi xabar berdi.

Trampning ta’kidlashicha, yangi chora Xitoyning adolatsiz savdo amaliyotini jazolashga qaratilgan.

“Tariflar Amerika texnologiyalari va intellektual mulklarining Xitoyga adolatsiz tarzda o‘tib borish amaliyotini to‘xtatishga qaratilgan. Bu Amerikadagi ish o‘rinlarini himoya qiladi”, — dedi Tramp Oq uy e’lon qilgan bayonotda.

Xitoy, o‘z navbatida, AQSH tovarlariga 50 milliard dollarlik tarif joriy etish bilan javob qaytarishini bildirdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi vakili Gen Shuanning aytishicha, Xitoy qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun javob choralarini zudlik bilan ijroga kiritadi.

Pekinning yangi tariflar ro‘yxatiga qo‘shilgan tovarlar orasida, asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ham kiritilgan.

Tramp avvalroq Kanada, Yevropa, Yaponiya va Meksikadan keladigan po‘lat va alyuminiyga yangi boj joriy qilgan edi. Bunday harakat Vashingtonning yaqin ittifoqchilari noroziligiga sabab bo‘ldi.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi AQSHni bu masalada “aql bilan qaror qabul qilish”ga chaqirdi.

Diplomatning fikricha, Vashington va Pekin aloqalari hozir nozik bir pallada turibdi.

“Imkoniyatlar ham, muammolar ham ko‘payib bormoqda”, deydi tashqi ishlar vaziri. U ayni paytda AQSHni savdo siyosatiga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirib, noto‘g‘ri tashlangan qadamlar kelajakdagi muzokaralar uchun to‘siqlar yaratishi haqida ogohlantirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?