AQSH va Kanadadagi vatandoshlar Qashqadaryo va Surxondaryoga xayriya yordami joʻnatdi

12:39 15 Sentyabr 2020 Jamiyat
235 0

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi va mamlakatimizning Nyu-Yorkdagi bosh konsulxonasidan xabar berishlaricha, kislorod konsentratorlari va impuls oksimetrlaridan iborat yordam joʻnatmasi Qarshi shahriga yetkazib kelindi. Ushbu yuk Qashqadaryo viloyatining sogʻliqni saqlash muassasalariga tarqatiladi.

Ushbu tibbiy uskunalar “Biz Oʻzbekistonga befarq emasmiz” xayriya aksiyasi doirasida AQSH va Kanadadagi vatandoshlar, ishbilarmon doira va nodavlat tashkilotlar vakillari tomonidan toʻplangan 100 ming AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ hisobidan xarid qilindi.

Aksiya mamlakatimiz elchi Javlon Vahobov va Bosh konsul Kamol Ikromovning aprel oyida AQSH va Kanadada yashovchi oʻzbek diasporasi tashkilotlari rahbarlari va faollari bilan uchrashuvidan soʻng boshlandi. Unda 15 ta diaspora tashkiloti vakillari, jumladan “Mahalla USA”, “Chikagodagi Oʻzbekiston – Amerika birlashmasi”, “AQSH va Kanadaning Buxoro yahudiylari kongressi”, “Turkiston – Amerika uyushmasi”, “Atlantadagi oʻzbeklar jamiyati”, “Katta Filadelfiyadagi oʻzbeklar hamdoʻstligi”, Sietldagi “Oʻzbek mahallasi” jamiyati, “Amerikadagi oʻzbeklar uyushmasi”, “Oʻzbekiston – Amerika vatandosh uyushmasi”, "San-Fransisko koʻrfazidagi oʻzbeklar jamiyat markazi“, ”Pittsburgdagi oʻzbeklar jamiyati“, ”Yangi Angliyadagi oʻzbeklar madaniyat markazi“, ”Amerikadagi Samarqand forumi“, Floridadagi ”Oʻzbekiston – Amerika assotsiatsiyasi” va “Vatandoshlar bilan aloqalar” jamiyatlari rahbarlari ishtirok etdi.

AQSHdagi diplomatlarimiz soʻzlariga koʻra, Ogayo shtatidagi “Give To Get international Inc” xayriya fondi rahbari Shohrux Erjigitov, Pensilvaniya shtatidagi “AD Express Trucking” transport kompaniyasi direktori Azamat Asadov va Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti Boris Kandov, Oʻzbekiston xalq artisti Izro Malakov, dunyoda xayriya faoliyati bilan tanilgan Amerikaning “Rotary Club” nodavlat tashkiloti, Oʻzbekistonning AQSHdagi faxriy konsuli Kerol Lopez, Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi universiteti doktoranti Dilsora Kamil hamda AQSH va Kanadada yashovchi koʻplab boshqa vatandoshlar mablagʻ yigʻishda faol ishtirok etdi.

Oʻzbekistonning Pekindagi elchixonasining faol koʻmagi bilan yigʻilgan mablagʻ evaziga Xitoydan 500 dan ziyod kislorod konsentratorlari va impuls oksimetrlari sotib olindi. Oʻzbekiston hukumatining qaroriga binoan umumiy ogʻirligi 8 tonnadan ortiq boʻlgan yuk Shanxaydan Toshkentga “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatining maxsus samolyotida begʻaraz asosda yetkazib berildi.

Elchixonamiz vakillari qayd etganidek, mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida “Biz Oʻzbekistonga befarq emasmiz” aksiyasi va tibbiyot mahsulotlarini sotib olish boʻyicha mablagʻlarni toʻplash boʻyicha barcha harakatlarni muvofiqlashtirgan “Give To Get International Inc” xayriya jamgʻarmasi aʼzosi Saidahmad Arslonov mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy salohiyatini oshirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat, fidoyi mehnat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qoʻshgan munosib hissasi uchun 28-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan yuqori darajali davlat mukofoti – “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

AQSHdagi diplomatik vakolatxonamiz maʼlumotiga koʻra, saxovat yukning bir qismi Surxondaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalariga ham tarqatiladi. Uskunalarni ushbu viloyatga yetkazish ishlarini tashkil qilish 15-sentyabr kuni kechqurun rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?