AQSH Suriyadagi qoʻshinlarini olib chiqib ketishni boshladi

17:04 20 Dekabr 2018 Dunyo
305 0

Arxiv foto

AQSH Suriyadagi qoʻshinlarini olib chiqib ketishni boshladi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders maʼlumotlariga asoslanib TASS xabar berdi.

“Biz ushbu kampaniyaning keyingi bosqichiga oʻtar ekanmiz, qoʻshinlarni AQSHga qaytarishni boshladik”, - deyiladi uning yozma bayonotida.

Uning soʻzlariga koʻra, besh yil oldin “Islom davlati”(ID) terrorchilik guruhi “Yaqin Sharqdagi kuchli va xavfli kuch edi”. “Endi AQSH ID xalifaligini tor-mor etdi”, - deya taʼkidlab oʻtgan Oq uy matbuot kotibi. Shu bilan birga u ushbu gʻalaba Iroq va Suriyada AQSH boshchilik qilayotgan xalqaro koalitsiya faoliyati toʻxtatilishidan darak bermasligini bildirgan.

“AQSH va uning ittifoqdoshlari Amerika manfaatlarini qachonki zarurat tugʻilganda barcha darajalarda himoya qilish uchun yana faoliyat yuritishga tayyor, - dedi u. — Biz radikal islom terrorchilarni hududlar, moliyalashtirish, qoʻllab-quvvatlash va qanday boʻlmasin bizning chegaralarni kesib oʻtuvchi vositalaridan mahrum etish ustida ishlashda davom etamiz”, - dedi Sanders.

Reuters maʼlumotlariga koʻra, AQSH Suriyadagi qoʻshinlarini 60-100 kunlik muddat ichida olib chiqib ketadi. Davlat departamenti xodimlari esa 24 soatda evakuatsiya qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?