AQSH senati Oʻzbekistonning yangi elchisini tasdiqladi

13:08 19 Sentyabr 2018 Siyosat
316 0

Daniel Rozenblum 18 sentyabr kuni AQSH senati tomonidan Amerikaning Oʻzbekistondagi elchisi sifatida tasdiqlandi. Bu haqda AQSH senati rasmiy saytida maʼlum qilingan.

Senat tomonidan eʼlon qilingan bayonotda Daniel Rozenblum faoliyati davomida amalga oshiradigan ishlar koʻrsatib oʻtilgan. Ularning eng asosiylari sifatida Afgʻonistonda tinchlikni taʼminlash, mintaqa xavfsizligini himoya qilish, xalqaro muammolarga qarshi kurashda faollik koʻrsatish, Oʻzbekistonda islohotlar jadallashishi yoʻlida harakat qilish, barcha jabhalarda hozirgiga nisbatan koʻproq madad koʻrsatish, AQSH xususiy sektorini jalb etib, investitsiya qilish uchun zarur sharoit yaratilishida koʻmaklashish kabi vazifalar koʻrsatib oʻtilgan.

Bundan tashqari inson huquqlari va erkinlikni targʻib qilish; ijobiy oʻzgarishlarni olqishlab, kamchilik va muammolarni konstruktiv tarzda tanqid qilib, tizim yaxshilanishiga hissa qoʻshish; ikki xalqni yaqinlashtirish – turli almashinuv dasturlari, madaniy va ilmiy programmalar orqali yoshlarga imkoniyatlar yaratish, hamjihatlik va oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash ham uning asosiy vazifalaridan sanaladi.

Maʼlumot uchun, Daniel Rozenblum 2014 yildan beri AQSH Davlat departamentida Janubiy va Markaziy Osiyoning diplomatiyasi boʻyicha masʼul shaxs sifatida ish olib borgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?