AQSH savdo vaziri U.Ross bilan ushrashuv

15:53 23 Oktyabr 2019 Jamiyat
153 0

Joriy yilning 22-oktyabr kuni Vashingtonda Oʻzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda AQSH savdo vaziri U.Ross oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv chogʻida ishtirokchilar Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida oʻzaro savdoning hozirgi holati hamda savdo aylanmasi hajmini oshirishning istiqbolli mexanizmlari yuzasidan fikr almashdilar. Bu borada tomonlar investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik yoʻlida toʻsiqlarni bartaraf etish hamda mavjud masalalarni tezkor hal etish uchun idoralararo darajadagi doimiy aloqalarning zaruratini eʼtirof etdilar.

 

Muloqot chogʻida oʻzbek tomoni umumiy qiymati 1,5 milliard dollarga teng 60 nomdagi tovar nomenklaturasi boʻyicha Oʻzbekistonning AQSH ga eksporti hajmini oshirish orqali oʻzaro savdoni jadallashtirish taklifini bildirdi. Bu taklif ijobiy baholanib, Amerika tomonidan oʻrganish uchun qabul qilindi. Kelgusida savdo kelishuvlari va shartnomalarini ishlab chiqish uchun hajmi koʻrsatilgan holda eksportga moʻljallangan mahsulotlar roʻyxati AQSH savdo vazirligi rahbariyatiga topshirildi.

 

Amerikalik hamkasblar taklif etilgan tovarlar savdosi boʻyicha Amerika bozorining ehtiyojini puxta oʻrganish hamda oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning Amerika bozoriga chiqishiga koʻmak koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Uchrashuv doirasida shuningdek, tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyatiga masʼul vazirlar ishtirokida “S5+1” formatida vazirlar darajasidagi davlatlararo aloqalar platformasini tashkil etish orqali AQSH va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik darajasini oshirish taklif etildi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishini Amerika tomonining qoʻllab-quvvatlashi bilan bogʻliq masalalar alohida muhokama etildi. 

 

Uchrashuv yakuni boʻyicha oʻzaro savdoni jadallashtirish va masalalarni tezkor hal etish boʻyicha doimiy birgalikda ishlashni taʼminlash maqsadida AQSH savdo vazirligi hamda Oʻzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining yuqori darajadagi ekspertlaridan tashkil topgan idoralararo ishchi guruhini tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining matbuot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?