AQSH Savdo vaziri Uilbur Ross: “AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi tijoriy va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun zarur imkoniyatlar mavjud”

13:59 19 Iyun 2019 Iqtisodiyot
300 0

Joriy hafta Amerikaning yirik 13 ta kompaniyasini oʻz ichiga olgan AQSH Savdo vazirligi rasman tasdiqlagan savdo delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Mehmonlar mamlakatimizdagi biznes va investitsiya muhiti bilan yaqindan tanishish, masʼul mutasaddilar, tegishli vazirlik va idoralar, davlat korxonalari va boshqa kompaniya vakillari bilan uchrashishni maqsad qilgan.

Delegatsiya tarkibidan butun dunyoda tan olingan “GE”, “Bechtel”, “Procter & Gamble”, va “John Deere” kabi kompaniyalar vakillari joy olgan. Ular oʻzlari uchun savdo va investitsiya imkoniyatlari ochilishiga umid qiladi.

“AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo hajmi 2017-yilda qariyb 150 million dollar, 2018-yilda esa 300 million dollardan ortiqni tashkil etib, ikki baravar oshgan boʻlsa ham, tijoriy va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun zarur imkoniyatlar mavjud”,- deya taʼkidladi Savdo vaziri janob Ross.

“Oʻzbekiston hukumatining jiddiy saʼy-harakatlari natijasida Oʻzbekistonning iqtisodiy qiyofasi tez oʻzgarib bormoqda. Tobora koʻproq amerikalik kompaniyalar oʻzbek bozori imkoniyatlari bilan tanishmoqda. Biz AQSH va Oʻzbekiston xususiy sektorlari oʻrtasida yanada chuqurroq va kengroq munosabatlar oʻrnatilishini qoʻllab-quvvatlaymiz,”- dedi AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum.

“Mamlakat oʻz iqtisodini diversifikatsiyalash va Markaziy Osiyo yuragidagi strategik jugʻrofiy oʻrnidan foydalanishga intilar ekan, koʻplab biznes sektor vakillaridan iborat AQSH savdo delegatsiyasining ishtiroki Oʻzbekistondagi savdo va investitsiya imkoniyatlari oʻsib borayotganidan dalolat bermoqda,”- deya qoʻshimcha qildi elchi.

Savdo missiyasi oʻz ishini AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Rozenblyum hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzaqov boshchiligidagi yuqori lavozimli rasmiylar qatnashgan brifing bilan boshladi. Energetika, transport va sogʻliqni saqlash vazirlari oʻz sohalaridagi investitsiya imkoniyatlari haqida taqdimot qilib, savdo delegatsiyasi savollariga javob berdi.

“Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekiston Respublikasining strategik hamkoridir, - dedi S.Umurzaqov. — Mamlakatlarimiz oʻrtasida ikki tomonlama oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, ilmiy-texnik hamkorlikni yanada kengaytirish aloqalarimizni mustahkamlashdagi muhim qirralardan biridir. Ishonchim komilki, bunday tadbirlar mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi munosabat va ishonchni mustahkamlashga xizmat qilib, hamkorlikning yangi sohalarini topishga yordam beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?