AQSH qishloq xoʻjaligi departamenti Oʻzbekistondan 10 turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini import qilishga ruxsat berdi

20:19 19 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
290 0

Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi tomonidan AQSH Hayvonlar va oʻsimliklar salomatligini nazorat qilish xizmatining (APHIS) Yevropa, Buyuk Britaniya, Turkiya va Hindiston mamlakatlari departamenti savdo direktori Prakash Xebbar hamda AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi xalqaro hamkorlik xizmatining Oʻzbekiston bilan hamkorlik boʻyicha masʼul xodimlari bilan muzokaralar oʻtkazildi.

Onlayn muloqotda Oʻzbekistonning Amerika bozoriga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini olish boʻyicha taqdim etgan arizasining koʻrib chiqish jarayoni haqida soʻz ketdi.

Elchi Javlon Vahobov Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasining mazmun-mohiyati, bojxona va chegara punktlarini meva- sabzavot mahsulotlarini fitosanitariya nazorat qilish uchun zamonaviy va ilgʻor uskunalar bilan jihozlanayotgani, shuningdek sanitar va fitosanitar nazorat boʻyicha milliy huquqiy bazani Jahon savdo tashkiloti talablari va maqsadli tashqi bozorlar standartlari bilan muvofiqligini taʼminlash orqali qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi va sifatini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Xususan, Oʻzbekistonning oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha xalqaro Konvensiyaga qoʻshilgani qayd etildi.

Uzoq xorijdagi yangi bozorlarni oʻzlashtirish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish istiqbollariga alohida urgʻu berildi. Mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2019-yil 2017-yilga nisbatan qishloq xoʻjaligi eksporti ikki barobarga oshgani, xususan, yiliga 10 million tonnadan ortiq sabzavot, 17 million tonnadan ziyod boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, shuningdek 2,5 million tonna goʻsht mahsulotlari ishlab chiqarishga erishilgani alohida taʼkidlandi.

Oʻz navbatida, Prakash Xebbar Oʻzbekistonning fitosanitariya tizimini takomillashtirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholab, meva-sabzavotchilik boʻyicha «Oʻzdavkarantin» inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan texnik maʼlumotlarni tahlil qilish asosida AQSH qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekistondan Amerika bozoriga 10 turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini, jumladan, loviya, mosh, noʻxat, yongʻoq, yeryongʻoq, bodom, mayiz, olxoʻri, turshak va quritilgan anjirni eksport qilish uchun ruxsatnoma berishga qaror qilganini maʼlum qildi.

APHIS savdo direktori elchixonaning oʻzbek qovunini AQSHga eksport qilish boʻyicha murojaatiga toʻxtalib, bu borada taqdim etilgan texnik hujjatlar olti bosqichli oʻrganishning uchinchi bosqichida har tomonlama tahlil qilinayotganini qayd etdi. Amerikalik ekspertning taʼkidlashicha, tadqiqot natijalari olingach AQSHga qovun olib kirish boʻyicha sertifikat joriy yil oxiriga qadar beriladi.

Bundan tashqari, Prakash Xebbar oʻz boʻlimining Oʻzbekiston barcha fitosanitariya hujjatlarini taqdim etishi bilanoq, boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, jumladan, dukkakli mahsulotlar eksportiga ruxsat berish masalasini koʻrib chiqishni boshlashga tayyorligini bildirdi.

Onlayn-muloqotda, shuningdek, zararkunandalarga qarshi kurashning ilgʻor biologik usullaridan foydalanish boʻyicha AQSH tajribasining joriy etilishi va Oʻzbekistonda ularni sterilizatsiya qilishga ixtisoslashtirilgan biozavod yaratish istiqbollari muhokama qilindi. Shu munosabat bilan Prakash Xebbar oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun amerikalik yetakchi ekspertlarni jalb etgan holda biofabrika yaratish boʻyicha trening oʻtkazishga tayyorligini maʼlum qildi.

Elchixona maʼlumotiga koʻra, APHIS oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun videokonferensaloqa vositasida oʻsimliklar salomatligi tizimlarini tahlil qilish mavzusiga bagʻishlangan maxsus kurslar tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?