AQSH prezidenti o‘tkazgan iftorlikda O‘zbekiston elchisi ham ishtirok etdi

12:35 08 Iyun 2018 Dunyo
931 0

Prezident Donald Tramp 6 iyun kuni Oq uyda ilk bor iftor dasturxonini yozib, musulmon ahlini Ramazon oyi bilan qutladi. Bu haqida “Amerika Ovozi” teleradiosi xabar berdi.

“Dunyo bo‘ylab do‘stlarimiz va ittifoqchilarimiz nomidan kelishgan diplomatik korpus vakillarini, musulmon davlatlaridan elchilarni mamnuniyat bilan kutib oldik. Oq uyga qadam ranjida qilganingiz uchun tashakkur”, - dedi Tramp mehmonlarga.

Prezidentning aytishicha, iftor dasturxoni “dunyodagi buyuk dinlardan birining muqaddas an’anasini sharaflaydi”.

Oq uyda iftor berish an’anasi Prezident Bill Klinton davrida boshlangan. Bu safargi iftorda musulmon mamlakatlar, xususan, Markaziy Osiyo davlatlarining Vashingtondagi bosh diplomatlari, jumladan, O‘zbekiston va Qozog‘iston elchilari, siyosatchilar hamda ulamolar qatnashdi.

“Iftor oila va do‘stlar davrasida tinchlik, ravshanlik va muhabbatni nishonlash uchun imkoniyat. Eng buyuk qadriyatlarimizni yodga olib, ne’matlar uchun, Yaqin Sharq bo‘ylab hamkorlarimiz bilan qurilgan yangicha munosabatlar uchun minnatdorchilik bildiramiz”, - deydi Tramp murojaatida.

Oq uydagi iftorda 30-40 kishi qatnashgani ma’lum, mehmonlarning to‘liq ro‘yxati e’lon qilinmagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?