AQSH prezidenti dunyodagi eng katta orolni sotib olmoqchi

11:02 16 Avgust 2019 Dunyo
277 0

AQSH prezidenti Donald Tramp Daniyadan Grenlandiyani sotib olishni xohlayapti. Maʼlumki, ushbu hudud dunyodagi eng katta orol hisoblanadi. Amerika prezidenti mazkur gʻoyani maslahatchilari bilan koʻrib chiqqan hamda advokatidan oʻzaro oldi-berdi masalasini oʻrganib chiqishni soʻragan, deb xabar The Wall Street Journal.

Maʼlumot uchun, Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSHning oʻsha paytdagi prezidenti Garri Trumen mazkur orolni 100 mln. dollarga xarid qilishga urinib koʻrgan edi.

Oq uyning hozirgi rahbari bu borada qancha mablagʻ taklif qilmoqchi ekanligi hozircha nomaʼlum. Gazetada qayd etilishicha, Trampning baʼzi maslahatchilari ushbu gʻoyani qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa, boshqalari buni “ozgina mubolagʻasi bilan aytganda, umuman amalga oshmaydi”, deya rad etishgan.

Manbaga koʻra, Grenlandiyani sotib olish xuddi Alyaskani qoʻlga kiritishga oʻxshaydi va “Tramp merosi”ga aylanishi mumkin. Ammo AQSH prezidentining oʻzi ushbu niyatni amalga oshirish uchun qay darajada qatʼiy va tayyor ekanligi aniq emas.

Tramp ushbu rejasi haqida 2018-yil bahorida ham aytib oʻtgandi, deb yozadi WSJ. Oʻshanda kechki ovqat paytida u oʻz yordamchisiga kimdir Grenlandiyaga koʻmak berib kelayotgani ortidan Daniyada moliyaviy muammolar paydo boʻlgani haqida aytganini gapirib qoladi. Va ushbu orolni sotib olish imkoniyatlarini oʻrganishni taklif etadi.

“Doʻstlar, bu haqda nima deb oʻylaysizlar? Sizningcha, buni qilsa boʻladimi?” - deya Trampning soʻzlarini keltiradi WSJ. Gazeta AQSH prezidenti bunga oroldagi tabiiy resurslar bois qiziqib qolganini qoʻshimcha qilgan.

Manbaga koʻra, maslahatchilarda bu borada bir qator savollar ham paydo boʻlgan: AQSH Arktikada harbiy ishtirokini kuchaytirish uchun Grenlandiyadan foydalana oladimi? Orolni sotib olish sharofati bilan tadqiqotlar boʻyicha qanday imkoniyatlar qoʻlga kiritiladi?...

Amerikalik rasmiylar Grenlandiya AQSH milliy xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega deb hisoblashadi. Daniya va AQSH oʻrtasida bu borada oʻn yillik shartnoma ham tuzilgan. Unga koʻra, Amerika qurolli kuchlari Grenlandiya shimolida joylashgan Tula aviabazasidan chegaralanmagan miqdorda foydalanishlari mumkin. Qutb doirasidan shimol tomonga 750 mil uzoqlikdagi bazada radiolokatsiya stansiyasi mavjud. U ballistik raketani uzoqdan aniqlash tizimining bir qismidir. AQSH kosmik harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi ushbu bazadan foydalanib kelmoqda.

WSJ shu yil may oyida AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo Grenlandiyaga tashrif buyurishi kerakligi, ammo Eron bilan munosabatlar keskinlashuvi ushbu safarni qoldirishga sabab boʻlganini ham eslatib oʻtgan. Sentyabr oyida esa Donald Trampning oʻzi Grenlandiyaga bormoqchi. Lekin bu Grenlandiyani xarid qilish rejalariga bogʻliq emas.

Oq uy va Davlat departamenti gazetada chiqqan materialga hozircha munosabat bildirmagan. Qolaversa, Daniyaning AQSHdagi elchixonasi va Grenlandiyaning Vashingtondagi vakolatxonasi ham bu boʻyicha hech qanday izoh bermagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?