AQSH O‘zbekistonning iqtisodiy va siyosiy rivojlanish, xavfsizlikni ta’minlash sohasida tanlagan yo‘lini qo‘llab-quvvatlaydi

12:42 16 May 2018 Siyosat
412 0

Onlayn nashrimizda shu yil 14 may kuni AQSH poytaxti Vashington shahrida Atlantika kengashi va AQSh tashqi siyosati bo‘yicha Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti tomonidan “O‘zbekiston tomon ochilish: Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifiga dastlabki nazar” mavzusida tadbir o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.

Mazkur anjuman yuqori saviyada hamda o‘zaro manfaatdorlik muhitida tashkil etildi. 
Unda O‘zbekiston Respublikasi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi direktori Eldor Aripov, AQSH Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktori Liza Kyortis, Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti, Buyuk ipak yo‘lini o‘rganish dasturi asoschisi va direktori Frederik Starr hamda boshqalar qatnashdi, so‘zga chiqdi. 

Majlisga AQSHning O‘zbekistondagi sobiq elchisi, Atlantika kengashining Yevroosiyo markazi direktori Jon Xerbst moderatorlik qiladi. 
Tashkilotchilar tomonidan O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ijobiy qadamlar tashlanayotgani e’tirof etildi. Pirovardida mamlakat xalqaro hamkorlik va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyalari uchun o‘z eshiklarini ochib berayapti.
Amerikalik ekspertlar ta’kidlaganidek, Toshkentning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy siyosati chegara va suv resurslari bilan bog‘liq sohalarni ham qamrab olgan holda barcha mavjud muammolarga amaliy jihatdan hal etib berdi. O‘zbekiston tomonidan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 
“Afg‘on muammosiga barham berish O‘zbekiston tashqi siyosatida asosiy rolni o‘ynaydi”, deb yozadi Atlantika kengashi.
Eslatib o‘tamiz, Atlantika kengashi(Atlantic council) Amerikadagi tashqi aloqalar sohasidagi yirik nohukumat tahlil markazi bo‘lib, unga 1961 yilda asos solingan.

Senator Sodiq Safoyev o‘z chiqishida O‘zbekiston Prezidentining AQSHga tashrifi tarixiy ekanligiga urg‘u berdi:
— Biz amerikalik ishbilarmonlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Tomonlar 8 milliard AQSH dollari qiymatiga teng bitimlar imzolashi e’lon qilindi. Agar mendan O‘zbekistonda nimalar ro‘y bermoqda deb so‘rasangiz, ikkita so‘z bilan – siyosiy modernizatsiya deb javob beraman.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Akmal Saidov esa ishtirokchilarga respublikamizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar haqida ma’lumot berdi.
— 2014 yilda Yevropa Ittifoqidan ro‘yxat olganmiz. Unda 34 nafar mahbus bor edi. Ayni paytga kelib ularning 32 nafari ozodlikka chiqarildi, — deya qayd etdi u.
Deputat, shuningdek, O‘zbekiston parlamenti faoliyati haqida to‘xtalar ekan, qonun chiqaruvchi organning har ikki palatasi ham joylarda inson huquqlarini muhofaza qilish bilan faol shug‘ullanayotganini aytib o‘tdi. U ishtirokchilarga parlamentning inson huquqlari bo‘yicha chora-tadbirlari hisobotini hamda bu boradagi “yo‘l xaritasi”ni taqdim etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev ham jurnalistlarning qiziqtirgan savollariga javob berdi. Shu asnoda u Afg‘oniston O‘zbekiston tashqi siyosatida alohida o‘rin egallashini bildirdi.
— Biz Afg‘onistonga tahdid sifatida emas, balki risoladagidek halol munosabatlar o‘rnatish imkoniyati sifatida qarashni boshladik, — dedi u. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi direktori Eldor Aripov mamlakatimizning qo‘shni davlatlar bilan aloqalari haqida so‘zladi.
— Bugun biz mintaqada mutlaqo boshqacha muhitga egamiz. Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegaraoldi muammolariga tegishli hujjatlar imzoladik. Agar raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, 2015-2016 yillarda o‘zbek-qirg‘iz chegarasida 15dan ortiq mojaro ro‘y bergan edi. Ayni paytda bunday holatlar deyarli yo‘q, — dedi u.
Ayni chog‘da TIV vakili qo‘shni mamlakatlar bilan bog‘liq, jumladan, GES qurilishi va boshqa muammolarning barchasi deyarli hal etilganini ta’kidladi.

Tadbir davomida ishtirokchilar yangi O‘zbekiston AQSH sarmoyadorlari uchun ochiq ekanligini alohida e’tirof etishdi.

AQSh Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktori Liza Kyortis AQSH O‘zbekistonning iqtisodiy va siyosiy rivojlanish, qolaversa, xavfsizlikni ta’minlash sohasida tanlagan yo‘lini qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tdi.

Qatnashchilardan biri O‘zbekistonning Xitoy va Rossiya bilan munosabatlari haqida savol berdi.
Senator Sodiq Safoyev barcha davlatlar teng aloqalar o‘rnatishi lozim deya javob berib turib, Rossiya O‘zbekistonning strategik sherigi ekanligi, O‘zbekiston uchun Amerika tovarlari esa Xitoyda ishlab chiqarilajagini ta’kidladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?