AQSH Oʻzbekistonga vazirliklari xarajatlari haqidagi maʼlumotlarni shaffoflashtirishni tavsiya qildi

17:05 19 Avgust 2019 Jamiyat
208 0

AQSH davlat departamenti tomonidan moliyaviy shaffoflikka oid yillik hisobot eʼlon qilindi.

Unda shaffoflik uchun minimal talablarni bajarmayotgan 67 ta davlat keltirib oʻtilgan. Ularning ichida Oʻzbekiston ham bor.

Mazkur roʻyxatdan, shuningdek, Ozarbayjon, Turkmaniston, Iroq, Pokiston, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlar ham oʻrin olgan. Gruziya, Armaniston, Moldova, Turkiya, Polsha, Slovakiya, Afgʻoniston va Qirgʻiziston kabilar mazkur talablarga javob berayotgan davlatlar sifatida tilga olingan.

Qayd etilishicha, hukumatning AQSHdan koʻmak olayotganlarga oid fiskal shaffoflik boʻyicha yillik hisoboti amerikalik soliqchilar mablagʻlaridan ajratiladigan pullarning belgilangan tartibda toʻgʻri ishlatilishini nazarda tutadi.

Hisobotda fuqarolar uchun byudjet eʼlon qilib borilishi, undan onlayn orqali boxabar boʻlish imkoniyati yaratilgani Oʻzbekistonda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlar sifatida eʼtirof etilgan.

Shunga qaramay hamon kamchiliklar uchramoqda.

Xususan,

- davlat kompaniyalarining qarz majburiyatlari tuzilmasi oshkor etilmaydi;

- vazirliklar va boshqa davlat hokimiyati organlarining xarajatlari haqida maʼlumot yoʻq;

- tabiiy resurslardan olinayotgan daromadlar haqida batafsil axborot yoʻq;

- hukumat tomonidan foydali qazilmalarni qazib olish boʻyicha shartnomalar qanday mezonlar asosida tuzilishi tushunarsiz.

AQSH Davlat departamenti Oʻzbekistonning moliyaviy shaffofligini quyidagilarni taʼminlash asosida yaxshilash mumkin deb hisoblaydi:

- qarz majburiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, jumladan, vazirliklar xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning omma uchun ochiqligi;

- hukumat tomonidan “oqilona muddat” ichida byudjetni bajarish boʻyicha auditorlik hisobotlarini tayyorlash va chop qilish;

- tabiiy resurslarni qazib olish boʻyicha litsenziyalar va shartnomalarni taqsimlash mezonlarini ochib berish va boshqalar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?