AQSH Oʻzbekistonga koronavirusdan himoya vositalarini topshirdi

14:38 18 Mart 2020 Jamiyat
212 0

Fotо: uz.usembassy.gov

17-mart kuni AQSH elchixonasi yangi koronavirus kasalligi COVID-19 tarqalishiga tayyorgarlik koʻrishi uchun Oʻzbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga ikkinchi xayriya yordami sifatida shaxsiy himoya vositalarini topshirdi.

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) koronavirusdan zarar koʻrgan yoki uning tarqalishi xavfi yuqori boʻlgan mamlakatlar, shu jumladan Oʻzbekiston uchun yuqumli kasalliklar boʻyicha favqulodda zaxira fondidan qoʻshimcha mablagʻ ajratdi. AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum mamlakat tayyorgarligini yuqori baholab, COVID-19ʼga tayyorgarlik koʻrish va tegishli javob qaytarishda USAID Oʻzbekistonni kelgusida ham qoʻllab-quvvatlashi va koʻmak berishini maʼlum qildi.

“Yangi koronavirus kasalligi faqatgina hukumatlar va xalqaro tashkilotlar oʻrtasidagi yaqin hamkorlik orqali bartaraf etilishi mumkin boʻlgan, global sogʻliqni saqlashga tahdid solayotgan kasallikdir”, — dedi elchi Rozenblyum. “AQSH hukumati ushbu global epidemiyaga tayyorgarlik va javob choralarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekistondagi tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda”, — taʼkidladi elchi.

USAID taqdim etgan shaxsiy himoya vositalari tarkibiga 10 000 ta qoʻlqop, 10 200 ta niqob, 1400 ta maxsus xalat va 200 ta koʻzoynak kiradi. Ular butun Oʻzbekiston boʻylab viloyat markazlari va shaharlarda tarqatiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?