AQSH oʻzbek paxtasini “qora roʻyxat”dan chiqarib tashladi

17:08 27 Mart 2019 Jamiyat
539 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi xabariga koʻra, AQSH Mehnat departamenti 2019 yil 25 mart kuni Oʻzbekistonda yetishtirilgan paxtani majburiy yoki bolalar mehnati vositasida yetishtirilgan mahsulotlar “qora roʻyxati”dan chiqardi. 

Maʼlumki, 2010 yildagi tegishli ijro buyrugʻiga asosan, AQSH davlat idoralariga Oʻzbekistonda majburiy mehnat yoki bolalar mehnatidan foydalanilgan holda yetishtirilgan paxtani xarid qilish taqiqlangan edi.

Oʻtgan yil iyul oyi soʻngidan boshlab Amerika tashabbusi bilan mazkur masala boʻyicha ochiq jamoatchilik muhokamasi oʻtkazildi. AQSH Mehnat departamenti maʼlumotlariga koʻra, ushbu jarayonda huquqni himoya qilish tashkilotlari, jumladan, “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi va Xalqaro mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish forumi(ILRF) mutasaddilari fikrlari, shuningdek, Oʻzbekistonning Vashingtondagi diplomatik missiyasi rasmiy izohlari tahlil qilib chiqildi.

AQSH idorasi bolalar mehnatini bartaraf etish boʻyicha sezilarli ishlar amalga oshirilgani, bu borada tekshirishlar olib borish va huquqbuzarlarni sud orqali jazolash samaradorligi oshganini taʼkidlab oʻtgan. Oʻz navbatida oʻtgan yillardagidan farqli ravishda tekshiruvlar fuqarolik faollari tomonidan aniqlangan faktlar boʻyicha olib borilganiga urgʻu berilgan.

Qarorda, shuningdek, davlat mehnat inspeksiyasining oʻzaro aloqa mexanizmi, ishonch telefoni tizimi, joylarda Prezidentning Xalq qabulxonalari, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi huzuridagi yuridik klinikalar muvaffaqiyatli joriy etilgani eʼtirof etilgan. Zero, bular mehnatkashlarning huquqlari buzilishi bilan bogʻliq holatlarni samarali aniqlash va ularga chora koʻrish imkonini berdi.

Departament olingan maʼlumotlar va oʻzidagi mavjud maʼlumotlarni batafsil oʻrganib chiqqach, Oʻzbekistondagi paxta hosilini yetishtirishda bolalarning majburiy mehnatidan foydalanish deyarli yoʻq qilinganini bildirgan. “Natijada ushbu mahsulotning ijro buyrugʻi roʻyxatida qolishiga asos yoʻq”, — deyiladi AQSH Mehnat departamenti bayonotida.

Mazkur idoraning Oʻzbekiston paxtasini “qora roʻyxat”dan chiqarishga oid qarori esa AQSHdagi barcha davlat muassasalariga ushbu mahsulotni uning (tovar bolalar va majburiy mehnatdan foydalanmasdan ishlab chiqarilganligi toʻgʻrisidagi)sertifikatini talab etmasdan sotib olishida ayni muddaodir.

AQSH Mehnat departamenti vakillarining fikricha, oʻzbek paxtasining koʻrsatib oʻtilgan roʻyxatdan chiqarilishi Amerika kompaniyalariga oʻzbekistonlik yetkazib beruvchilar bilan bemalol ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatishida ham qoʻl keladi. Sababi, okean ortilik tadbirkorlar oldinlari ishbilarmonlik obroʻsiga putur yetishidan qoʻrqib bunday munosabatlarga kirishmas edi. Shunday qilib, Oʻzbekiston paxta yetkazib beruvchilarida AQSH bozorlariga toʻliq kirib borishlari uchun yangi imkoniyatlar ochilyapti.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yil sentabr oyida AQSH Mehnat departamenti tomonidan Oʻzbekiston paxtasi bolalar mehnatidan foydalanib ishlab chiqarilgan tovarlar roʻyxatidan chiqarilgan edi.

Navbatdagi qaror ham AQSH tomonidan Oʻzbekistonda inson huquqlari bilan bogʻliq vaziyatni yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlarning tan olinishi, ilgari qoʻyilgan barcha cheklovlarning olib tashlanishini anglatadi.

AQSH hukumatining yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qarori Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki tomonidan olib borilgan monitoring xulosalari hamda natijalariga uygʻun ekanligi ham diqqatga sazovordir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?