AQSH MRB boshlig‘i va bo‘lajak Davlat kotibi Mayk Pompeo Shimoliy Koreyaga nima uchun bordi?

17:08 18 Aprel 2018 Dunyo
584 0
Фото: ВладТайм

AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i va bo‘lajak davlat kotibi Mayk Pompeo Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyanga maxfiy tarzda tashrif buyurib, ushbu davlat rahbari Kim Chen In bilan uchrashdi. 

Amerika ommaviy axborot vositalari AQSH davlat ma’muriyatidagi manbasiga tayanib xabarishicha, Pompeo Prezident Donald Tramp va Kim Chen In o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish uchun zamin tayyorlash maqsadida KXDRga pasxa dam olish kunlari(31 mart va 1 aprel)da borgan.
Ilgari Donald Trampning o‘zi KXDR bilan muzokaralar “nihoyatda yuqori daraja”da ketayotgani va Kim Chen In bilan uchrashuv tashkil etilishi mumkin bo‘lgan beshta joy ko‘rib chiqilayotganini bildirgandi. 

Maxfiy uchrashuv haqida nimalarni bilamiz?
Mayk Pompeo Pxenyanga muzokaralar uchun uchib ketgani haqida dastlab “Washington Post” gazetasi jurnalistlari xabar tarqatdi.
Nashrning aniqlik kiritishicha, tashrif Reks Tillersonning bo‘lajak iste’fosi va MRB rahbari yangi davlat kotibligiga tayinlangani aniq bo‘lgandan so‘ng amalga oshirilgan.

Фото: svali.ru

Gazeta, shuningdek, Vashington va Pxenyan o‘rtasidagi yuqori darajadagi bunday muloqot 2000 yilda davlat kotibi Madlen Olbrayt Shimoliy Koreyaga Kim Chen Ir bilan uchrashish uchun borganidan beri bo‘lmaganini eslatib o‘tgan.

Jurnalistlar MRB, Oq uy va BMTning Shimoliy Koreyadagi vakolatxonasining maxfiy safar haqidagi ma’lumotni tasdiqlagani, ammo har uchchala idora ham unga munosabat bildirishdan bosh tortganiga to‘xtalib o‘tishgan.
Keyinchalik o‘z manbalariga tayangan holda “Reyters” ham mazkur tashrifni tasdiqladi.

AQSH va KXDR qanday qilib aloqada bo‘ladi? 
Garchi ilgarilari ikki davlat diplomatlari va vakillari tashriflar almashinuvini kamdan-kam amalga oshirib turgan bo‘lsa-da, Shimoliy Koreya va AQSH o‘rtasida diplomatik munosabatlar yo‘lga qo‘yilmagan.

Xususan, 2014 yilda KXDRga AQSH Milliy razvedkasi direktori Jeyms Klapper Shimoliy Koreya qamoqxonasida saqlangan ikki nafar hamyurtini olib kelish uchun yuborilgan.

Biroq mazkur mamlakatlar o‘rtasidagi muloqot asosan norasmiy kanallar yoki vositachilar orqali kechadi.

Yana shuni qayd etish kerakki, Koreya yarim orolini Shimol va Janubga bo‘lib yuborgan Koreys urushi tugagandan beri oradan 65 yil o‘tgan bo‘lsa-da, mazkur hududda haligacha tinchlik shartnomasi imzolanmagan.

Tramp va Kim o‘rtasidagi sammit qayerda va qachon bo‘lishi mumkin?
O‘tgan oyda Donald Tramp hech kim uchun kutilmaganda Pxenyanning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga kirishish bo‘yicha bergan taklifini qabul qilganini bildirdi. Shu paytgacha AQSHning biror Prezidenti Shimoliy Koreya yetakchilari bilan uchrashmagan.

Фото: aljazeera.com

Tramp ommaviy axborot vositalariga sammit iyun oyi boshida yoki hatto bundan ham vaqtliroq o‘tkazilishi mumkinligini ta’kidladi.

Ma’lumki, BMT sanksiyalariga qaramay inson huquqlarining ommaviy buzilishi va yadro dasturi tufayli Shimoliy Koreya jahon hamjamiyatidan izolyatsiyada turadi.

KXDR hozirgacha olti marta yadro, shuningdek, bir bora AQSH hududigacha yetib borishi mumkin bo‘lgan uzoq masofaga harakatlana oladigan raketa sinovini o‘tkazgan.

Ammo Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahrida tashkil etilgan qishki Olimpiada o‘yinlari diplomatlar uchun ham muzokaralar olib borishda ajoyib imkoniyat taqdim etdi. O‘shandan beri o‘tgan haftalar davomida Shimoliy Koreyaga Janubiy Koreyadan, Xitoydan bir necha bor delegatsiyalar tashrif buyurdi. Endi esa AQSHdan ham borgani ma’lum.

Uchrashuv vaqti haqida nima deyish mumkin?
Trampning sammit iyun oyidan kechiktirilmay o‘tkazilishi lozimligi haqidagi bayonoti Oq uyda jiddiy kutib olindi.

Lekin Pompeoning maxfiy tashrifi haqidagi yangilik AQSH va uning mintaqadagi strategik sherigi, KXDRning qo‘shnisi — Yaponiya o‘rtasidagi muzokaralarga soya solishi mumkin edi.

Zero, Donald Tramp va Kim Chen In o‘rtasidagi bo‘lajak uchrashuv Tokioda birqadar xavotir bilan kutib olindi va Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe Vashingtonga muzokaralar uchun uchib bordi.Uchrashuv do‘stona muhitda kechdi: Tramp Abeni ikkinchi bor o‘zining Floridadagi Mar-a-Lago kurortiga taklif qildi. Vaqt va imkoniyat topilsa, ikki rahbarning golf o‘ynashi ham rejalashtirilgan. 

Фото: novovrijeme.ba

AQSH Prezidenti ikki mamlakat o‘rtasida Shimoliy Koreya masalasi bo‘yicha qarashda bo‘linish yo‘q ekanligini ta’kidladi. 
Abe esa AQSH Prezidenti qabulidan va o‘zaro muloqotdan mamnun ekanligini ta’kidladi.

“Yaponiya va AQSH Shimoliy Koreyaga maksimal bosim o‘tkazish bo‘yicha kampaniyani amalga oshirishda yetakchilikni namoyon qildi. Bu Shimoliy Koreya tomonini biz bilan muloqot qilishni izlashiga olib keldi. Bizning yondashuv muvaffaqiyatli va to‘g‘ri bo‘ldi deyish adolatdandir”, — deydi Kunchiqar yurt hukumati rahbari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?