AQSH Mehnat departamentining qarori yangilanayotgan Oʻzbekistonning yana bir gʻalabasidir!

10:27 29 Mart 2019 Siyosat
611 0

Arxiv foto

Avval xabar qilganimizdek, AQSH Mehnat departamenti 2019 yil 25 mart kuni Oʻzbekiston paxtasini majburiy yoki bolalar mehnati vositasida yetishtirilgan mahsulotlar “qora roʻyxati”dan chiqardi. Bu Oʻzbekistonda Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlarning yana bir xalqaro eʼtirofidir.

Ushbu muvaffaqiyat oʻz-oʻzidan, osonlikcha qoʻlga kiritilgan emas. Siyosiy fanlar doktori, professor Muqimjon Qirgʻizboyevning eʼtiboringizga havola etilayotgan “AQSH Mehnat departamentining qarori yangilanayotgan Oʻzbekistonning yana bir gʻalabasidir!” sarlavhali maqolasida ana shu maqsadga erishish borasida bosib oʻtilgan mashaqqatli yoʻl haqida hikoya qilinadi.

Oʻzbekiston zamini qadim zamonlardayoq dehqonchilik rivojlangan, turli oʻsimlik va ekinlar yetishtiriladigan serquyosh yurt sifatida tanilgan. Tarixiy manbalarga koʻra, paxta bu yerda bundan ikki yarim ming yil avval madaniylashtirilgan. Chunki mamlakatimiz hududi, iqlimi va tuprogʻi uni parvarishlash uchun juda qulay. Ayniqsa, oʻrta asrlarda paxta xom ashyosidan tayyorlanadigan mahsulotlarga ehtiyojning kuchayishi natijasida paxtachilik sohasi savdo va iqtisodiyotning asosiy tarmogʻiga aylandi.

Paxta yetishtirish, hosilini terib olish — juda masʼuliyatli ish. Shu sababdan bu jarayonda asosiy eʼtibor inson omiliga bogʻliq. Oʻtgan asrning 30-yillari oxirida bir million tonna hosil yigʻib olindi. 1970 — 1990 yillarda yiliga oʻrtacha 5 million tonnadan paxta xom ashyosi yetishtirildi. 1990 yilda esa 6 million tonnalik xirmon tiklandi, deb iddao qilindi. Oʻsha paytlardagi agrar siyosat natijasida Oʻzbekistondagi ekin maydonlarini kimyolashtirish avj oldi, ekologik holat yomonlashdi, sugʻorma dehqonchilikning kuchayishi natijasida Orol dengizi quriy boshladi. Yanada noxush holat — paxta chekankasi, uni begona oʻtlardan tozalash, paxta yigʻim-terimiga maktab, bilim yurtlari, texnikumlar, oliy oʻquv yurtlari talabalarini majburan jalb etishga oʻtildi. Ayniqsa, texnikum va oliy oʻquv yurtlari talabalari baʼzi yillarda uch-toʻrt oygacha paxta terimida ishtirok etgan paytlari ham boʻldi. Buning oqibatida yoʻqotilgan dars soatlari bir yillik umumiy taʼlim olish soatlari hajmining 20 — 30 foizini tashkil etar, deyarli barcha fanlarning soatlari tegishli ravishda qisqartirilar edi. Maktablarda bu koʻrsatkichlar ozroq boʻlsa-da, ahvol bir xil edi.

Paxta yigʻim-terimiga safarbar etilgan talabalarga, asosan, barak tipidagi binolar yotoqxona tarzida berilgan. Ob-havoning sovib ketishi, talabalar istiqomat qilayotgan binolarning sanitariya va gigiyena talablariga javob bermasligi, paxta maydonlaridagi turli kimyoviy preparatlar va pestitsidlar taʼsiri tufayli ayrim yoshlar sogʻligʻini yoʻqotgan holatlar ham uchrab turardi. Paxta terimi siyosiy kampaniyaga aylanib, bu davrda talabalar va oʻquvchilarni ijtimoiy himoya qilishning iloji yoʻq edi.

Mustaqillikning ilk yillarida paxta nomenklaturasiga qarash bir oz ijobiy tomonga oʻzgargan boʻlsa-da, muammo toʻlaligicha hal etilmay qolib ketdi. Xususan, bu davrda talaba va oʻquvchilarni paxta terimiga safarbar qilish muddati qisman qisqartirildi, xolos. Lekin mazkur holat baribir taʼlim jarayoniga, qolaversa, ayrim talaba va oʻquvchilar sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsataverdi. Bir tomondan terimga chiqqan yoshlarni oziq-ovqat bilan taʼminlash yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan boʻlsa, ikkinchi tomondan, uzoqdan yordamchi ishchi kuchlarini jalb etish yer egalarining iqtisodiy holatiga taʼsir qila boshladi. Yana bir muhim jihati, paxtakorlarni iqtisodiy ragʻbatlantirish juda past darajada edi. Misol uchun, 100 kg. paxta tergan inson arzimas choychaqa olardi, xolos. Aksariyat hududlarimiz paxta maydonlaridagi terimchilarning 70 — 80 foizi talaba va oʻquvchilardan iborat edi. Bu holat birgina mamlakatimiz ichida yosh avlodning ijtimoiy ahvoli yomonlashishiga, davlatimiz tashqi iqtisodiy holati, loʻnda qilib aytganda, xalqaro imidjiga putur yetkazdi.

2007 yildan boshlab baʼzi xorijiy nodavlat tashkilotlar va kompaniyalar xorij OAVda “Oʻzbekistonda paxta yigʻim-terimida bolalar mehnatidan foydalanilayotganligi uchun unga norozilik tariqasida bu davlatdan paxta xom ashyosini sotib olishni boykot qilish”ga doir chorlovlar uyushtira boshladi. Oqibatda AQSH va Gʻarb davlatlari Oʻzbekistondan paxta tolasi va boshqa toʻqimachilik mahsulotlari sotib olishni “qora roʻyxat”ga kiritdi.

“Responsible Sourcing Network” tashkiloti maʼlumotiga koʻra, 108 dan ortiq taniqli jahon brendlari Oʻzbekiston paxtasini ishlatishdan voz kechdi. Jumladan, Ispaniyaning “Zara” brendi, ommaviy kiyimlar va aksessuar ishlab chiqaruvchi “H&M”, “Gap”, “Walmart”, “Gucci” va “Yves Saint Laurent” ham bu kampaniyani qoʻllab-quvvatladi. AQSHning Kiyimlar va poyabzal ishlab chiqaruvchilar milliy uyushmasi (“American Apparel and Footwear Association” — AAFA, bu tarmoqdagi 75 foiz kompaniyalarni oʻzida birlashtiradi) ham bu jarayonda ishtirok etdi.

Agar 2000 yilgacha Oʻzbekistonning paxta xom ashyosi, asosan, AQSH va Yevropa davlatlariga sotilgan boʻlsa, shu yildan eʼtiboran Xitoy, Rossiya, Eron, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Janubiy Koreya kompaniyalari xarid qila boshladi. Ushbu davrda paxta bahosini belgilovchi “A” – “Cotlook” indeksi oʻzbek paxtasini sifat jihatidan eʼtirof etdi va bu pirovardida Janubi-Sharqiy Osiyo va Sharq davlatlarining qiziqishi ortishiga turtki berdi.

2015 yilga kelib paxta va undan tayyorlangan mahsulotlar jahondagi 55 ta davlatga eksport qilina boshlandi. Ular MDH, Yevropaning baʼzi davlatlari, Xitoy va bir necha arab davlatlaridan iborat edi. Lekin Yevropa va AQSHdagi asosiy xaridor kompaniyalar oʻzbek paxtasiga boykotni davom ettirdi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida oʻz faoliyatini boshlaganidan keyin bu sohada tub oʻzgarishlar boshlandi. Avvalo, paxta tolasini tayyor mahsulot sifatida eksport qilish uchun chora-tadbirlar koʻrildi.

Oxirgi uch yilda paxta ekiladigan maydonlar qariyb 215 ming gektarga qisqartirilgani agrar sohani diversifikatsiyalashda ulkan qadam boʻldi. Butun boshli tumanlarda esa umuman chigit ekilmayotgani, taʼbir joiz boʻlsa, tarmoqda chinakam yangilanishlar davri kechayotganidan dalolat.

Shu bilan birga, paxta tolasini eksport qilish kamayib bormoqda. Masalan, 2015 yili paxta tolasi eksporti umumiy eksportning 5,3 foizini tashkil etgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2016 yilda 3,4, 2018 yilda 1,9 foizni tashkil qildi. Toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilish esa 15,3 foiz oʻsdi. 2015 yilda 503,8 ming tonna, 2016 yilda 416 ming tonna, 2017 yilda 278,9 ming tonna, 2018 yilda 115,6 ming tonna (222,1 mln. AQSH dollariga) paxta tolasi eksport qilindi. 2018 yilda Oʻzbekiston paxtasini Eron, Xitoy, Bangladesh, Turkiya, Rossiya, Latviya, Gonkong kompaniyalari xarid qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilda respublikamizning 20 ta tumanida paxtachilikda klaster usuliga oʻtildi. 2020 yilga borib bunday tumanlar sonini 60 taga yetkazish rejalashtirilgan. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad paxtani chetga xom ashyo sifatida emas, balki tayyor mahsulotga aylantirib sotishdir. Bu orqali ham daromad oshadi, ham ish oʻrinlari koʻpayadi.

Shavkat Mirziyoyev bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berishga inson huquq va erkinliklarini taʼminlashning muhim sharti sifatida eʼtibor qaratdi. Talaba va oʻquvchilarni paxta yigʻim-terimiga jalb qilishni qatʼiyan man etdi. Deyarli yuz yil xalqning turmush tarziga aylanib ketgan voqelikka birdaniga barham berilishi koʻpchilikni hayron qoldirdi. Ishonish qiyin kechgan bu haqiqatni mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari favqulodda hazm qilolmadi. Buni 2017 yil sentabr oyida talabalar va oʻquvchilarni allaqachon paxta terimiga safarbar qilishga ulgurganlari misolida ham koʻrish mumkin edi. Ushbu voqeadan bir haftadan ortiqroq vaqt oʻtganidan keyin xabar topgan davlat rahbari zudlik bilan barcha yoshlarni oʻqishga qaytardi. Bu, albatta, hech kutilmagan holat edi. Prezident tomonidan koʻrilgan mazkur chora AQSH va Yevropa hamjamiyati eʼtiborini tortdi.

Oʻzbekiston rahbari 2017 yil 19 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida paxtachilik sohasidagi tub oʻzgarishlar haqida toʻxtalib, jumladan, shunday dedi: “Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrildi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari janob Al-Husaynning tashrifi yakunlari boʻyicha inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi”.

Albatta, Gʻarb davlatlarining oʻzbek paxtasini boykot qilishi faqat bolalarni majburiy mehnatga safarbar etish bilan bogʻliq emas edi. Bu diniy va siyosiy erkinlik masalalari bilan ham aloqador edi. Diniy erkinligi buzilgan 18 mingta shaxs huquqlarining tiklanishi, 1000 dan ortiq oʻzgacha siyosiy qarashlar bilan ayblangan kishilarga nisbatan cheklovlarning bekor qilinishi, siyosiy mahbuslarning ozodlikka chiqarilishi, ijroiya hokimiyati, parlament va sud hokimiyatining xalqqa xizmat qiladigan davlat organlariga aylantirilishi, mulkdorlar ijtimoiy qatlami huquq va erkinliklarining tiklanishi, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarning qayta yoʻlga qoʻyilishi dunyo hamjamiyati tomonidan yuksak eʼtirof etila boshladi. Prezidentimizning oʻtgan yil may oyida AQSHga amalga oshirgan tarixiy tashrifi davomida buni AQSH Prezidenti Donald Tramp ham alohida taʼkidladi.

Shu yilning 4 martida Oʻzbekiston Respublikasining “Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qoʻllanilishiga koʻmaklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar toʻgʻrisidagi 144-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1976 yil 21 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonuni imzolangani ham katta voqelik boʻldi.

Va, nihoyat, AQSH Mehnat departamenti 2019 yil 25 mart kuni Oʻzbekiston paxtasini majburiy yoki bolalar mehnati vositasida yetishtirilgan mahsulotlar “qora roʻyxati”dan chiqardi. Oʻzbekiston paxtasi bu roʻyxatga 2010 yilda kiritilgan edi. AQSH Mehnat departamenti qarorida “Oʻzbekiston paxta ishlab chiqaruvchilari uchun AQSH bozorlariga kirishga yangi istiqbollar ochiladi”, deb taʼkidlandi. Albatta, bu qaror “Cotton Campaign” xalqaro tashkiloti va Xalqaro mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish forumi (ILRF) xulosalari asosida qabul qilindi.

Bularning barchasi Oʻzbekistondagi islohotlar dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasi boʻldi.

Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan deyarli 100 yil xalqning kundalik yumushi boʻlgan voqelikka qisqa muddatda barham berildi. Bolalar mehnati va majburiy mehnatga tamomila chek qoʻyilib, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash eng ustuvor vazifalardan biriga aylandi.

Muqimjon QIRGʻIZBOYEV,

siyosiy fanlar doktori, professor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?