AQSH kompaniyasi O‘zbekistonga 1 mlrd dollardan ortiq investitsiya kiritmoqchi

11:24 15 Avgust 2018 Iqtisodiyot
520 0

 

Amerikaning Air Products LLC kompaniyasi 1 milliard AQSH dollari va undan ko‘proq mablag‘ni O‘zbekistonga kiritish uchun tayyor. Bu haqda kompaniya prezidenti Seyfi Gasemi ma’lum qildi.

“O‘zbekneftgaz” matbuot xizmatining “Xalq so‘zi“ga ma’lum qilishicha, Air Products LLC kompaniyasi O‘zbekistonda sanoat gazini (shuningdek, kislorod, azot, argon, vodorod, sintez-gaz va boshqalarni) ishlab chiqarish, foydalanish va tarqatishni yo‘lga qo‘yishni tashkil etishga qiziqish bildirmoqda. Shu masalada ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Uning yakuniga ko‘ra, tomonlar bozorni o‘rganish, sanoat gazi ishlab chiqarishlarni audit qilish va keyingi takliflar berish borasida kelishib oldilar.

“Davlat darajasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda kompaniyamiz O‘zbekistonga milliard va undan ortiq AQSH dollarini kiritishga tayyor ekanligini aytib o‘tgandik. Ushbu investitsiyalar sanoat gazini ishlab chiqarish, foydalanish va tarqatish sohalarini rivojlantirishga va yurtingizda nafaqat ichki iste’molchiga balki qo‘shni davlatlarga ham xizmat ko‘rsata oladigan sanoat gazini ishlab chiqarish bo‘yicha kompaniya tashkil etishga yo‘naltiriladi”, degan Gasemi.

Kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, bu borada O‘zbekiston imkoniyatlarini o‘rganish uchun maxsus ishchi guruhi tuziladi.

“Bundan bir muddat oldin biz shunga kelishib oldik – kompaniya ishchi guruhlari O‘zbekiston Respublikasi hududidagi mavjud imkoniyatlarni o‘rganib chiqishadi, marketing tadqiqotlar o‘tkazishadi, va unga ko‘ra, yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi – O‘zbekistonda mavjud imkoniyatlarni ilgari surilayotgan takliflar bilan birlashtirish va o‘zaro amalga oshirish yo‘llari aniqlash. Ikki oydan so‘ng esa, biz keyingi rejalarni tuzish uchun yurtingizga qayta tashrif buyuramiz”.

“Air Products LLC bundan tashqari “O‘zbekneftgaz” AJ bilan tabiiy gaz (MTO) ishlab chiqarish bo‘yicha loyihani ko‘rib chiqmoqdamiz. Bu loyiha juda yirik va muhim. Hozirda uni ishlab chiqish jarayoni olib borilmoqda. Bundan tashqari, bizning kompaniya Qashqadaryoda qurilayotgan GTL loyihasida ham ishtirok etmoqda. Kelishuvga ko‘ra, ishchi guruh har ikki tomonga ham manfaatli bo‘ladigan win-win modeli asosida aniq taklif ishlab chiqmoqda”, deya Gasemining so‘zlarini keltiradi “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati.

Oldinroq, Seyfi Gasemi O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari – “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Alisher Sultonov bilan uchrashgan va unda kompaniya Xitoy, Saudiya Arabistoni, Rossiya va O‘zbekistonga investitsiya kiritish borasida qaror qabul qilgani haqida ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, Air Products – xalqaro neft-gaz ishlab chiqarish kompaniyasi bo‘lib, ushbu sohada dunyoda yetakchilardan biri sanaladi. Kompaniya ochiq shaklda bo‘lib, 75 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Dunyo bo‘ylab kompaniya 50 davlatda ish olib boradi va ishchilarining soni deyarli 15 ming kishini tashkil qiladi. Kompaniyaning hozirdagi bozor kapitalizatsiyasi 35 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi. Ularning asosiy faoliyati — kimyo, metallurgiya va oziq-ovqat sanoatlarida xizmat ko‘rsatishdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?