AQSH kompaniyalari Oʻzbekistonda biznes faoliyatini yoʻlga qoʻyishga qiziqish bilan qarayapti

17:27 19 Noyabr 2019 Iqtisodiyot
351 0

Joriy yilning may oyida Navoiy shahrida tashkil etilgan Oʻzbekiston — AQSH — Kanada biznes forumida qatnashish maqsadida yurtimizga tashrif buyurgan Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayant boshchiligidagi AQSH delegatsiyasi tarkibida Klinton shahri meri Fil Fisher ham bor edi. U Zarafshon shahrida boʻlib, ikkala hudud oʻrtasida birodarlik rishtalarini oʻrnatish boʻyicha kelishuv imzolagandi.

Ana shu bitimga muvofiq, investitsiyaviy, savdo, qishloq xoʻjaligi va taʼlim sohalarida hamkorlik qilish yuzasidan bir qator tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Hozirdanoq bu borada faol saʼy-harakatlar olib borilyapti. Jumladan, Fil Fisherning taklifiga koʻra, Zarafshon shahar hokimi Anvar Rajabov oʻtgan haftada Klinton shahrida boʻldi. Bu haqda mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi maʼlum qildi.

Tashrif davomida Missisipi shtatining qishloq xoʻjaligi va savdo masalalari boʻyicha komissari Endi Gibson, Klinton shahri meri Fil Fisher, “Continental Tires”, “Msneely”, “Taylor Power Systems” kabi kompaniyalar, shuningdek, Missisipi kolleji va boshqa taʼlim muassasalarida uchrashuvlar oʻtkazildi.

Shtatning qishloq xoʻjaligi boshqarmasi rahbariyati Oʻzbekiston bilan agrar sohada hamkorlik mustahkamlanib borayotganidan mamnun ekanliklarini bildirdi. “Bizda oʻxshash jihatlar bor, bir xil ekinlarni yetishtiramiz: paxta, guruch, soya va baʼzi mevalar, — dedi Endi Gibson. —Missisipi shtati hamda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida oʻzaro manfaatli loyihalarni roʻyobga chiqarish boʻyicha hali ishga solinmagan ulkan salohiyatga ega. Kelgusida ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratamiz”.

Uchrashuv yakunida Endi Gibson 2020-yil may oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurish taklifini qabul qildi.

Klinton shahri meri Fil Fisher taʼkidlaganidek, Zarafshon shahar hokimining AQSHga tashrifi ikki shahar oʻrtasida imzolangan bitimni hayotga tatbiq etish borasidagi ishlarning mantiqiy davomidir.

“May oyida Oʻzbekistonga borganimda yurtingiz haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldim, — dedi mer. — Shaharlarimiz oʻrtasida oʻxshash jihatlar koʻp. Xususan, Zarafshonning rivojlangan sanoati, yuqori jamoat tartibi, jinoyatchilikning yoʻqligi, eng muhimi, mehmondoʻst, samimiy va mehnatkash odamlari menda katta taassurot qoldirdi”.

F.Fisher taʼlim, munitsipal boshqaruv, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar, ishlab chiqarish kabi sohalarda keng qamrovli hamkorlikni kuchaytirish istiqbollariga ishonch bildirdi. Muloqotda Kelgusi yil may oyida Klinton shahri biznes va akademik doiralari vakillarining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Yengil va yuk avtomobillari uchun shinalar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Continental Tires”ning xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Marko Villining aytishicha, 1871-yilda tashkil etilgan kompaniya ayni paytda 61 mamlakat bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Zavod va uning jahon miqyosidagi barcha boʻlimlarida 244 ming kishi mehnat qiladi. Oʻzbekistonda ham “Continental Tires” mahsulotlarini tayyorlash istiqbollarini oʻrganish maqsadida kompaniya mutaxassislari 2020-yilda mamlakatimizga tashrif buyurishga tayyor ekanliklarini aytishdi.

Oʻz navbatida, kimyo va oziq-ovqat sanoati uchun polietilen paketlar ishlab chiqaradigan “Mcneely” kompaniyasi, dizel yoqilgʻisi va tabiiy gazda ishlaydigan sanoat generatorlari tayyorlaydigan “Taylor Power Systems” kompaniyasi vakillari ham Klinton shahri meri boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Oʻzbekistonga kelishga qiziqish bildirishdi.

Anvar Rajabovning taʼlim muassasalaridagi uchrashuvlari ham samarali kechdi.

Shavkat ORTIQOV

(“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?