AQSH-Xitoy savdo urushi kuchaymoqdami?

10:51 09 Avgust 2019 Dunyo
851 0

5-avgust kuni AQSH qimmatbaho qogʻozlar bozorlarida narxlar dekabr oyidan beri ilk bor keskin tushib ketganidan soʻng bir kun oʻtib vaziyat biroz barqarorlashdi, deb xabar berdi “Amerika ovozi”.

Xitoy AQSHdan qishloq xoʻjaligi mollarini ortiq sotib olmasligini eʼlon qilishi ketidan prezident Donald Trampning bosh iqtisodiy maslahatchisi Xitoy bilan savdo va moliyaviy tortishuvlarda ustunlik AQSH tomonida, deb bayonot berdi.

AQSH qimmatbaho qogʻozlar bozorida narxlarning tushishi Xitoyning ana shu bayonoti hamda milliy valyuta yuanning qadrsizlanishi bilan bogʻliq.

Oq uy iqtisodiy maslahatchisi Larri Kadlovning aytishicha, prezident Tramp Xitoy bilan savdo bitimiga erishish rejasidan voz kechgani yoʻq.

“Xitoyliklar bilan samimiy niyatda doim muzokara qilganmiz, bundan keyin ham shunday boʻlishini istaymiz. Agromahsulotlar haqidagi bayonotdan afsusdamiz. Prezident Tramp Amerika iqtisodiyotini himoya qilishga majbur”, - dedi rasmiy.

Xitoy Savdo vazirligining bildirishicha, mahalliy kompaniyalar AQSHdan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilishni toʻxtatgan. Bu Trampning oʻtgan hafta Xitoyning 300 milliard dollarlik tovarlariga yangi tariflar qoʻyilishi haqidagi bayonotiga javob boʻldi.

“2019-yil Amerika qishloq sanoati uchun ogʻir davr boʻldi. Xitoy hukumati mahalliy kompaniyalarga boshqa bozorlar bilan ishlashni buyurishi Amerika agroeksportiga zarar qiladi”, - deydi moliyachi Bill Adams.

Oq uy AQSH-Xitoy savdo urushidan zarar koʻrgan fermerlarga 16 milliard dollarlik yordam paketi tayyorlagan.

Tramp kelasi yili yordam bundan-da kattaroq boʻlishini aytdi. Hafta boshida AQSH Moliya vazirligi Xitoyni “valyuta manipulyatori” deb eʼlon qildi va Xalqaro valyuta jamgʻarmasiga shikoyat qilishini bildirdi.

“Bu hafta voqealari AQSH-Xitoy savdo mojarosining moddiy tarafdan kuchayishiga sabab boʻldi. Biroq bundan hech kim ajablanayotgani yoʻq. Xitoy ham, AQSH ham soʻnggi oylarda boshi berk koʻchaga kirishga va hatto mojaroning keskinlashishiga tayyor ekanini koʻrsatishgan. Har bir tomon qarshi tarafning birinchi boʻlib yon berishini kutyapti”, - deydi PNS moliya xizmatlari kompaniyasidan katta iqtisodchi Bill Adams.

Moliyaviy bozorlarga salbiy taʼsir qilishidan tashqari AQSH-Xitoy savdo urushi nafaqat har ikki mamlakat, balki boshqa koʻplab davlatlar iqtisodiyotlarini ham yemirmoqda.

Centyabr oyida AQSHga Xitoydan hukumat delegatsiyasi kelib, savdo muzokaralarini davom ettirishi kutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?