AQSH Ishbilarmon ayollar tashkilotlari uyushmasi rahbari bilan uchrashuv

22:14 19 Oktyabr 2020 Siyosat
188 0

2020-yil 19-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning AQSH Ishbilarmon ayollar tashkilotlari uyushmasi rahbari Edi Freyzer bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Suhbat davomida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotidagi rolini oshirishga qaratilgan ishlarni hamkorlikda amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.

AQSH Ishbilarmon ayollar tashkilotlari uyushmasi (WBC) biznes bilan shugʻullanishda va tadbirkorlikni rivojlantirishda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlovchi nufuzli tashkilotdir. U xotin-qizlarni yirik korxonalarda rahbarlik lavozimlariga tayinlashga, tadbirkorlikni rivojlantirishda ular uchun zarur shart-sharoit yaratish va kapital taqdim etishga koʻmaklashadigan tashabbus va dasturlarda ishtirok etadigan AQSHning 39 ta eng yirik ishbilarmon ayollar tashkilotini birlashtiradi.

Uchrashuv davomida AQSH tomoniga mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, kambagʻallikni qisqartirish, “ayollar daftari”ni joriy etish orqali ularning ijtimoiy muammolarini hal qilish, ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash uchun fondlar tashkil etish va imtiyozli kreditlar taqdim etish boʻyicha Oʻzbekistonda koʻrilayotgan chora-tadbirlarga eʼtibor qaratildi.

Oʻz navbatida, Edi Freyzer Oʻzbekistonda ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, xususan ularni davlat boshqaruvi sohasida yetakchi lavozimlarga koʻtarishda davlat tomonidan olib borilayotgan siyosatni yuqori baholadi. “Oʻzbekiston boshqalar uchun namuna boʻladigan rivojlanayotgan mamlakatning yorqin misolidir”, dedi WBC raisi.

AQSH Ishbilarmon ayollar tashkilotlari uyushmasi rahbari mamlakatimizda qabul qilingan gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan qonunlarning ahamiyatini alohida qayd etdi. Shuningdek, Freyzer xonim Oʻzbekiston parlamentining yangi tarkibida ayollar soniga urgʻu berib, Oliy Majlis Senatida ayollar soni 23 foizni, Qonunchilik palatasida 32 foizni tashkil etishini yuqori baholadi va bu xotin-qizlar siyosiy faolligini oshirishda muhim yutuq ekanligini taʼkidladi.

Uchrashuv davomida xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ayniqsa ayollar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha aniq loyihalarni amalga oshirish maqsadida hamkorlikni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, gender tenglikni taʼminlashning dolzarb masalalari boʻyicha muloqot oʻrnatish va uni mustahkamlash maqsadida mamlakatlar delegatsiyalarining oʻzaro tashriflarini tashkil etish boʻyicha fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?