AQSH-Eron munosabatlarida nima oʻzgarishi mumkin?

14:49 30 Avgust 2019 Dunyo
274 0

AQSH prezidenti DonaldTramp “Katta yettilik” sammitida qisqa fursatda Eron bilan muzokaralarga kirishishga tayyor ekanini bildirgan. Ana shu bayonot ortidan AQSH ham, Eron ham tanglikni zoʻraytirmaslikka urinayapti. Biroq ekspertlarga koʻra, Tehron va Vashingtonda murosa yoʻlida toʻsiq boʻlib turgan omillar keskinligicha saqlanib turibdi, deb yozadi “Amerika ovozi”.

“Katta yettilik” sammitida ishtirok etar ekan, AQSH rahbari Donald Trampning Eron boʻyicha Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga bergan ijobiy javobi tomonlarni hayratda qoldirdi. Xususan, Tehronni ham. Tramp kelgusi haftalarda Eron prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashish uchun qulay fursat tugʻilganini maʼlum qilgan. Taxminlarga koʻra, uchrashuv sentyabr oyi oxirlarida BMT Xavfsizlik Kengashida oʻtishi mumkin. AQSH Mudofaa vaziri Mark Esper 28-avgust kuni Pentagonda Eron bilan tanglik yakun topdimi, degan savolga quyidagicha javob berdi:

“Biz Eron bilan munosabatda adovat izlamaymiz. Masalani diplomatik yoʻl bilan hal etmoqchimiz”, - dedi rasmiy.

Vashington-Tehron oʻrtasida vositachilik qilishga tayyor ekanini bildirgan Yaponiya Bosh vaziri Sindze Abe bilan uchrashuvda Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif shu mavzuga toʻxtaldi. Tehron AQSH bilan munosabatlarda ziddiyatning chuqurlashishini istamaydi, dedi diplomat.

“Bizningcha, har bir mamlakat xalqaro qonunlarga uygʻun ravishda oʻz haq-huquqlariga ega boʻlishi lozim”, - dedi u.

Tomonlar oʻrtasidagi tanglik oʻtgan yili Trampning Eron boʻyicha bitimdan chiqishi ortidan chuqurlashgan edi. Hujjatga koʻra, Eron yadroviy dasturini qisqartirishi, AQSH esa sanksiyalarni cheklashi lozim edi. Eron majburiyatlarini bajarmayapti degan sabab bilan bitimdan chiqqan Vashington Tehronga qoʻshimcha sanksiyalar joriy qilgan edi. Mutaxassislarga koʻra, AQSH-Eron sammitini oʻtkazishga allaqachon fursat yetgan.

“Agar uchrashuv haqiqatdan ham amalga oshsa, jiddiy tebranish yuz beradi. Uchrashuv uzoq va murakkab davom etadigan muzokara degani emas”, - deydi ekspert Barbara Lif.

Aksariyat mutaxassislar uchrashuv natija berishiga shubha bilan qaraydi:

“Nazarimda, vaziyatni oʻnglash uchun uzoq muddatli tinchlanish davri kerak boʻladi. Bu muddatda Eron xalqaro dengiz hududidagi qatnovlar xavfsizligini taʼminlashi, AQSH esa sanksiyalarni orttirmasligi lozim”, - deydi yana bir ekspert Lyuk Koffi.

Ayrim ekspertlar Eronni tashvishga solayotgan masalalarga toʻxtaldi.

“Eron joriy vaziyat AQSH manfaatlariga xizmat qilib, Tehronning imkoniyatlarini cheklab qoʻyishidan xavotirda deb oʻylayman”, - deydi ekspert Dalia Key.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?