AQSH ekspertlari: “Oʻzbekiston — Markaziy Osiyo mintaqasidagi yangi toʻlqinning lokomotivi”

10:47 19 Fevral 2019 Siyosat
310 0

Bugun Toshkentda “Markaziy Osiyoda oʻzaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” ­mavzuidagi xalqaro konferensiya oʻz ishini boshlaydi.

Mamlakatimizning ­Vashingtondagi diplomatik missiyasi rahbari Javlon Vahobov ushbu forumda ­AQSHdan ishtirok etadigan ekspert-tahlil doiralari vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi xabar berdi.

REND korporatsiyasi, Amerika tashqi siyosat kengashi huzuridagi Markaziy Osiyo va ­Kavkaz instituti, Strategik va xalq­aro tadqiqotlar markazi, Milliy mudofaa universiteti qoshidagi Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tad­qiqotlar markazi, Nyu-York universitetining ­Xalqaro hamkorlik markazi, ­Toronto universiteti qoshidagi Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari markazi kabi AQSH hamda Kanadadagi nufuzli tahlil markazlarining yetakchi mutaxassislari koʻp sonli delegatsiya tarkibidan joy olgan.

Muloqot chogʻida Oʻzbe­kiston elchisi ishtirokchilarga Markaziy Osiyo mintaqasidagi yangi davrning konseptual asoslari hamda Toshkent forumidan ­kutilayotgan natijalar haqida maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, 2017 yil noyabr oyida Samarqandda BMT shafeligida Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash boʻyicha xalq­aro konferensiya oʻtkazilgani, 2018 yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Qozogʻistonning Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi ­maslahat uchrashuvi tashkil etilgani, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2018 yil iyun oyida “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiya­si qabul qilingani mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ­muhim ahamiyat kasb etdi.

Forumdan koʻzlangan maqsad Markaziy Osiyodagi oʻzaro hamkorlik surʼati va istiqbollarini atroflicha koʻrib chiqish, kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirish yoʻlida ochilayotgan yangi imkoniyatlar hamda mavjud toʻsiqlarni batafsil muhokama qilishdan iborat.

Ekspertlar ushbu xalqaro ­konferensiya muhim ekanligi va Markaziy Osiyodagi mintaqaviylikning yangi toʻlqini lokomotivi ­rolini puxta mustahkamlab olgan Oʻzbekistonda oʻz vaqtida oʻtkazi­layotganini taʼkidlashdi. Tahlil­chilar Vashing­ton Toshkent­ning ­mintaqaviy intilishlari va uning yaxshi qoʻshnichilik siyosatini qoʻllab-quvvatlashini tasdiqlashdi. Zero, Oʻzbekiston va AQSH Prezidentlarining 2018 yil may oyidagi rasmiy bayonoti bandlari ham shundan dalolat beradi. Unda, jumladan, mus­taqil va kuchli Markaziy Osiyo mintaqasi muhimligi qayd etilib, Oʻzbe­kiston yetakchisi tomonidan Markaziy Osiyo rahbarlarining hamkorlikdagi muloqotini chaqirish boʻyicha tashabbusi qoʻllab-quvvatlangan. Bu mintaqadagi oʻzaro savdo salohiyatini keng namoyon etadi hamda umumiy muammolarga yechim topishda hamkorlikdagi yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi. ­Prezident ­Donald Tramp ushbu muhim ­jarayonlarda Oʻzbekiston hal qiluvchi rol oʻynashini alohida qayd ­etgan.

AQSH delegatsiyasi vakillari mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish strategiyasini muhokama qilish va uni ishlab chiqish jarayonlarida faol qatnashish, qolaversa, Markaziy Osiyoni bar­qaror hamda gullab-yashnayotgan mintaqaga aylantirishga qaratilgan amaliy tav­siyalar va takliflarni taqdim etishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

S. QOSIMJONOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?