AQSH davlat kotibi yordamchisining birinchi oʻrinbosari Oʻzbekistonga kelmoqda

14:07 25 Fevral 2019 Jamiyat
317 0

AQSH davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha yordamchisi birinchi oʻrinbosari, elchi Elis Uells mamlakatimizga kelmoqda. Bu haqda “Xalq soʻzi” muxbiri xabar berdi.

Uning 25 — 28 fevral kunlariga belgilangan safari dasturida ikkita davlatga tashrif buyurish koʻzda tutilgan.

Dastavval Elis Uells Qirgʻiziston poytaxti Bishkekka boradi. U yerda hukumatning yuqori lavozimli mulozimlari bilan uchrashadi hamda talabalar va oʻqituvchilar bilan koʻrishish uchun Markaziy Osiyodagi Amerika universitetiga boradi.

Shundan soʻng, davlat kotibi yordamchisi birinchi oʻrinbosari Uells Toshkentga otlanib, Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan birgalikda AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi yillik ikki tomonlama maslahatlashuvlarni oʻtkazish maqsadida AQSH hukumati idoralararo delegatsiyasiga boshchilik qiladi. U global va mintaqaviy xavfsizlik, Afgʻonistondagi tinchlik jarayoni, iqtisodiy va savdo kelishuvlari, inson huquqlari va diniy erkinliklar hamda sud islohoti, xalq taʼlimi va xotin-qizlar huquqi boʻyicha AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi qoʻshma dasturlarni muhokama qilish uchun Oʻzbekiston hukumati yuqori lavozimli vakillari bilan uchrashadi. Bu Amerika Qoʻshma Shtatlari va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik hamkorlik sohasida yangi davrni ochib bergan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyida Vashingtonga qilgan tarixiy tashrifidan soʻng oʻtkazilayotgan birinchi yillik ikki tomonlama maslahatlashuvlar boʻladi.

AQSH Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohot dasturlari hamda ikki xalqlarimiz oʻrtasidagi kuchli ikki tomonlama aloqalarning rivojini qoʻllab-quvvatlar ekan, Oʻzbekiston bilan hamkorligimiz yanada mustahkamlanib boradi, deb umid qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?