AQSH davlat kotibi: “Shimoliy Koreya dunyo ulardan nima xohlayotganini anglamoqda va bu juda muhim”

15:19 10 Iyul 2018 Dunyo
205 0
Foto: Интерфакс

Shimoliy Koreyaga uchinchi marta borib qaytgan AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeo Pxenyandagi muzokaralarni samarali deb ta’riflamoqda. Yakshanba kuni Pompeo Tokioda Yaponiya va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirlari bilan ko‘rishib, so‘ng Vyetnamga yo‘l oldi, bugun esa Kobulga tashrif buyurdi. Bu haqda “Amerika ovozi” teleradiosi xabar berdi.

O‘tgan hafta juma kuni Pxenyanda rasmiylar bilan uchrashgan Mayk Pompeoning aytishicha, Shimoliy Koreya yadro dasturini yopishga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidlagan. Ushbu jarayonning keyingi qadamlari xususida atroflicha fikr almashdik, deydi u.

“Shimoliy Koreya dunyo ulardan nima xohlayotganini anglamoqda va bu juda muhim. Men ular bilan ochiq-oydin gaplashdim”, - dedi Pompeo.

Shimoliy Koreya matbuotiga ko‘ra, Pxenyan AQSH talablarini so‘zsiz bajaradi deb o‘ylash xato. Oq uyning bir tomonlama talablarga haqqi yo‘q, deyiladi Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirligi bayonotida. Ammo Pompeo hamkorlikdan umidvor.

“Shimoliy Koreya amerikalik harbiylar xokini qaytarish mavzusini muhokama qilish uchun iyul o‘rtalarida Panmunjomda uchrashishga rozi bo‘ldi. Raketa uchun dvigatellarni sinovdan o‘tkazish obyektini ham yo‘q qilishga tayyor ekanini bildirishdi”, - deydi Pompeo.

Unga ko‘ra, Shimoliy Koreyani yadrodan xoli qilish tez va oson bo‘lmaydi. Pompeo Oq uy ma’muriyati bu borada biror yutuqqa erisha olgani yo‘q deya da’vo qilayotgan tanqidchilarga shunday munosabat bildirdi.

“Bu tanqidchilar erishilgan yutuqlarni ozaytirib ko‘rsatishga harakat qilishini bilamiz. Koreya Respublikasi va Yaponiya kabi ittifoqchilarimiz hamda Prezident Tramp va men harakatsiz baraka bo‘lmasligini bilamiz”, - dedi Pompeo.

Xabarlarga ko‘ra, Pompeoning Pxenyanga safari chog‘ida Kim Chen In Prezident Trampga maktub berib yuborgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?