AQSH davlat kotibi Afg‘oniston Prezidenti bilan nimalarni muhokama qildi?

18:13 10 Iyul 2018 Dunyo
200 0
Foto: golos-ameriki.ru

AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo bugun Afg‘oniston poytaxti Kobul shahriga tashrif buyurdi.

“Amerika ovozi” teleradiosi xabariga ko‘ra, Mayk Pompeo Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashuvda afg‘on hukumatining Tolibon bilan muzokara qilish harakatlarini olqishlagan. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy Ramazon hayiti paytida Tolibon va hukumat sulhga kelishib, unga amal qilganidan so‘ng tinchlik muzokaralarini o‘tkazish umidi paydo bo‘lgandi.

Uchrashuvda Mayk Pompeo va Ashraf G‘ani oktyabrda bo‘ladigan parlament va viloyat kengashlariga saylovlar xususida ham fikr almashgan.

Kobulda o‘tkazilgan matbuot anjumanida AQSH davlat kotibi mintaqadagi ko‘plab davlatlar, jumladan Xitoy, O‘zbekiston, NATO a’zolari Prezident Donald Tramp Janubiy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasini e’lon qilganidan beri afg‘on masalasida faolroq harakat qilayotgani va qo‘shimcha resurslar ajratayotgani aytib o‘tgan.

“Dunyo Afg‘onistondagi mojarolardan charchagan. Afg‘on xalqi ham zo‘ravonlik va urushdan to‘ygan. Kelasi bir necha oyda bu borada katta va haqiqiy siljish kuzatiladi degan umiddaman. Zo‘ravonliklar susayib, Afg‘oniston hukumati sog‘lom islohotlarni amalga oshirib, bo‘lajak saylovlarda xalq o‘z munosabatini bildiradi”, - dedi AQSH davlat kotibi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?