AQSH Davlat departamenti: “Oʻzbekistondagi inson huquqlari ahvoli koʻp jihatdan sezilarli darajada yaxshilangan”

10:40 18 Mart 2019 Jamiyat
377 0

Illyustrativ foto

AQSH Davlat departamenti 2018-yil dunyodagi inson huquqlari vaziyati boʻyicha yillik maʼruzada (2019-yil 13-mart kuni chop etilgan) Oʻzbekistondagi inson huquqlari ahvoli koʻp jihatdan sezilarli darajada yaxshilanganini eʼtirof etdi, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Bu esa ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar samaradorligi va respublika rahbariyatining inson manfaatlariga xizmat qilishiga boʻlgan qatʼiy sodiqligining yana bir yorqin tasdigʻidir.

“Xususan, avvalo jinoiy odil sudlov, sud jarayonining koʻproq shaffofligini taʼminlash, ayblovchi dalillar bazasidan foydalanishga himoyachi tomoniga kengroq izn berilishining taʼminlanishi va natijada oqlovchi qarorlar sonining koʻpayishi sohalaridagi ishlarga maʼruzada obyektiv baho berilishi diqqatga sazovordir”, deyiladi xabarda.

Hujjatda korrupsiyaga qarshi kurashning samaradorligi, qiynoqlardan hamda boshqa muomala va jazoning noinsoniy yoki inson shaʼnini kamsituvchi turlaridan foydalanishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar qabul qilinishi, shuningdek, bunday jinoyatlar uchun masʼuliyatning kuchaytirilishiga alohida toʻxtalib oʻtilgan.

Oʻz navbatida soʻz va ifoda erkinligini kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar doirasida matbuot erkinligini taʼminlash bilan bogʻliq vaziyatning yaxshilanishi, shuningdek, Oʻzbekistonning inson huquqlari tashkilotlari va fuqarolik jamiyati faollari bilan ochiq munosabatlari eʼtirof etilayotgani aytilgan.

Maʼruzada diniy ekstremizmda gumonlangan minglab shaxslar huquqni muhofaza qilish organlari roʻyxatidan chiqarilishi, shuningdek, koʻplab afv etish holatlari va ularning ijtimoiy moslashuviga qaratilgan dasturlar alohida qayd etilgan.

“Human Rights Watch” va “Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi” maʼlumotlariga asoslanib, “Oʻzbekistonda yigirma yildan ziyod vaqtdan beri ilk marotaba jurnalistlar va fuqarolik jamiyati faollari qamoqxonalarda qolmagani” maʼruzada aytib oʻtilgan.

Hujjatda majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha muvaffaqiyatli qabul qilingan huquqiy va maʼmuriy choralar alohida koʻrsatilgan. Oʻzbekistonning mehnat huquqlarini himoya qilish sohasidagi taraqqiyoti AQSH Davlat Departamenti va Mehnat Departamentining 2018-yildagi tegishli bayonotlarida bir necha bor taʼkidlangan.

Oʻtgan yilning dekabr oyida AQSH Davlat kotibining Oʻzbekistonni “diniy erkinlik sohasidagi alohida tashvish uygʻotuvchi mamlakatlar roʻyxatidan” chiqarish qarori respublikaning inson huquqlari sohasida erishgan yutuqlarining yana bir tan olinishidir.

Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida erishilgan natijalar, shubhasiz, mamlakatda qabul qilingan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bogʻliq, bu esa chuqur demokratik islohotlarning boshlanishiga olib keldi.

Oʻzbekiston inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini mamlakatda taʼminlash tizimini yanada takomillashtirishda qatʼiydir va bundan keyin ham “aniq islohotlar” yoʻlidan boradi, shuningdek, amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar yaxlit, barqaror hamda ortga qaytmas xarakterga ega. Shuningdek, respublikada inson huquqlarini himoya qilish institutlari va mexanizmlarini yanada takomillashtirish, shu jumladan, xalqaro hamda nohukumat tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha ishlar davom ettiriladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlardan kelib chiquvchi eng muhim topshiriqlar amalga oshirilishining hal etuvchi shartlari shundan iboratdir. Ushbu islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning ehtiyojlari va manfaatlari hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?