AQSH BMT Inson huquqlari kengashini tark etdi. Uning o‘rnini qaysi davlat egallaydi?

16:19 21 Iyun 2018 Dunyo
334 0
Foto: Звезда

AQSH BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligidan voz kechdi. Kengash Isroilning Falastindagi bosib olgan yerlaridagi harakatlarini qoralovchi rezolyutsiya qabul qilganidan so‘ng shunday qarorga kelgan.

BMT rahbariyati, xususan, Bosh kotib Antoniu Guterrish, tashkilotning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn AQSHning bu qaroridan afsusda ekanligi, hayron qolganini bildirdi.

O‘z navbatida, Vashington oxirgi paytlarda ishlab chiqilayotgan bir qator rezolyutsiyalar sabab Inson huquqlari kengashi faoliyati siyosiylashganini iddao qilmoqda.

AQSH tark etgandan so‘ng BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashida paydo bo‘lgan bo‘sh o‘rin esa boshqa mamlakatga beriladi. Bu haqida BMT Bosh assambleyasi raisi matbuot kotibi Brenden Varma ma’lum qildi.

BMT Bosh assambleyasining 2006 yildagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash tuzish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasida a’zolikdan voz kechish sababiga oid birorta qoida qayd etilmagan. Biroq hujjatda Kengashning 47 ta a’zosi geografik joylashuviga qarab aniqlanishi belgilab qo‘yilgani inobatga olinsa, bo‘sh o‘rin AQSH joy olgan G‘arbiy Yevropa va boshqa davlatlar mintaqaviy guruhi ichidan tanlab olinishi kerak.

“Hozir biz kelgusida qo‘yilishi ehtimoli mavjud qadamlarni o‘rganyapmiz”, dedi B. Varma.

Qolaversa, Bosh assambleya AQSHning Kengashdan chiqqanlik to‘g‘risidagi rasmiy bildirgisini kutyapti.

Eslatib o‘tamiz, Kengash a’zolari har yili Bosh assambleya tomonidan bir qator mintaqaviy guruhlar ichidan uch yillik muddatga rotatsiya tartibida saylanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?