A.Qodirov: Qurilish vazirligi nima uchun tashkil qilindi? 

08:28 27 Avgust 2020 Siyosat
293 0

Moliya vazirining 2020-yil birinchi yarim yilligida Davlat byudjeti mablagʻlarini ishlatilishi boʻyicha hisoboti eshitildi.

Beqaror vaziyat, murakkab sharoitda Hukumat tomonidan olib borilayotgan fidoyi mehnat eʼtirof etildi.

Ayrim masalalarda partiyaning takliflari berildi.

Jumladan, bu yilda 1919 ta maktablarni qurish va taʼmirlash uchun 1,1 trln.soʻm mablagʻ ajratilgan. Pandemiya sharoitida qurilish ishlariga alohida sharoit va imtiyozlar taqdim etilgan boʻlsa-da, bolalarni maktabga bormayotgan paytidan unumli foydalanib qolish oʻrniga sansolarlik va hujjatbozlik bilan shugʻullanilmoqda. Xuddi shunday sabablar bilan Maktabgacha taʼlim vazirligida ham 76 ta bogʻchalar qurilishi uchun ajratilgan 321 mlrd.soʻm ishlatilmagan.

Moliya vazirining aytishicha moliyalashtirish bilan bogʻliq masala yoʻq.

Demak vazirliklar qurilish ishlarini toʻgʻri tashkil eta olmayapti. Savol tugʻiladi, Xalq taʼlimi vaziri yoki Maktabgacha taʼlim, madaniyat yoki sport vazirlari qurilishni tashkil qilishni bilishi kerakmi? Ular qurilish qilish uchun vazir emaslar-ku? Qurilish vazirligi nima uchun tashkil qilindi?

Har bir vazirlik oʻz vazifasi samarali ijro etish uchun sharoiti boʻlishi kerak. Maktablarda togʻdek masalalar boʻlib turganida taʼlim vazirini maktablar qurilishi boʻyicha boshini qotirish toʻgʻrimi?

Qolaversa, maktablarni taʼmirlash va qurish uchun tanlashda ham masalalar bor. Koʻzga koʻrinadigan joylardagi maktablarni takror, xoʻjakoʻrsinga taʼmirlayverish amaliyotidan voz kechib, bir maktabni toʻliq talablarga moslashtirish uchun dasturga kiritish yoʻlidan borish kerak. Bir yilda 1919 ta maktabni taʼmirlash emas, 1000 ta maktabni bugungi talablarga toʻliq moslashga erishish kerak. 10 yilda boʻlsa ham barcha maktablarni talab darajasida boʻlishiga erishamiz. Hozirgi holatda 30 foiz maktab taʼmirlanaveradi, 30 foiz maktabga quruvchi yetib bormaydi...

Maktab va bogʻchalarni taʼmirlash yoki qurish boʻyicha dasturlar tuzilayotganda deputatlarning fikrini hisobga olish kerak. Deputatlarga bu masalalarda juda koʻp shikoyatlar keladi.

Yana bir masala, pensiya jamgʻarmasi hanuzgacha 82 foiz mablagʻini byudjetdan olmoqda. Prezident tomonidan uch bosqichli pensiya taʼminoti tizimini yaratish boʻyicha berilgan topshiriq ijro qilinmayapti.

Oxirgisi, Prezident tomonidan 5893 sonli Farmon bilan talabalarga ajratiladigan taʼlim kreditlarining bir qismini “Yoshlar kelajagimiz” fondi hisobidan, imtiyozli foizlarda ajratish topshirigʻi berilgan. Lekin Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan ushbu fondning nizomida bu koʻzda tutilmagan. Negadir ushbu nizomga oʻzgartirish kiritishni xohlashmaydi. Bugun talabalarning 75 foizidan koʻprogʻi shartnoma asosida taʼlim oladi. Ularning hammasi tijorat banklari taklif qilayotgan foizlarda kreditdan foydalanolmaydi. Bu masalani takror koʻtardik, hal boʻlmagunicha koʻtaraveramiz. Prezident Farmoni ijro qilinishi shart.

Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi

fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?