Aql bovar qilmaydi: ASKUE hisoblagichning “tili” bor ekan

15:28 14 Yanvar 2020 Jamiyat
223 0

Aql bovar qilmaydi. Lekin bu bor gap: zamonaviy elektr hisoblagichlarning “tili” bor. Bunga Buxoro shahridagi “Guliston” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Nasiba Rustamova ham ishonch hosil qildi.

Mutaxassislarimiz tomonidan oʻtkazilgan xatlov tadbirlari jarayonida uyida zamonaviy elektr energiyasini hisobga olish uskunasi oʻrnatilganiga qaramay, ushbu isteʼmolchi yashirin tarmoq orqali umumiy foydalanishdagi elektr tizimiga ulangani, shu orqali 56 dona yoritgich, 3 ta konditsioner, 1 dona sovitkich, kir yuvish mashinasi va televizorni ishlatib kelayotgani aniqlandi. Pirovardida Buxoro shahar elektr taʼminoti korxonasi manfaatlariga 26 722 427 soʻm miqdorida zarar yetkazilgani maʼlum boʻldi.

ASKUE nafaqat elektr energiyasining soatlik isteʼmoli, balki tarmoqqa yashirin tarzda ulangan isteʼmolchilarni aniqlash borasida ham foydali tizim ekanligi oʻz tasdigʻini topdi.

Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida N. Rustamova tomonidan yetkazilgan 26 722 427 soʻm moddiy zarar ixtiyoriy tarzda 30 kunlik muddatda qoplab berildi.

Bu noxush holat elektr energiyasidan noqonuniy yoʻllar bilan foydalanish niyatida yurgan ayrim isteʼmolchilar uchun saboq boʻlsin! Zero, qingʻir ishning qiyigʻi albatta, yuzaga chiqadi.

Bahodir AKRAMOV,

Majburiy ijro byurosi Buxoro shahar boʻlimi surishtiruvchisi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?